Ro'ziqul Berdiev: "Surxon" ehtimol "Nasaf"ning salohiyatidan qo'rqqandir"

Alisher Ostonov
24 avg 2025, 00:31
"Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev Superliga 20-tur doirasidagi "Surxon" (2:1)ga qarshi o'yindan so'ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Birinchi bo'limda ikki jamoa ham gol o'tkazib yuborishdan qo'rqqan holda ehtiyotkorlik bilan o'ynadi. Ikki bo'limda hujumkor harakat qilgan holda g'alabaga ishtiyoqimizni ko'rsatdik. O'ylaymanki, Dragan Cheranni tushirganimiz ish berdi va g'alabaga erishdik", - deya gapni boshladi qarshiliklar bosh murabbiyi.

- Elit Chempionlar ligasiga qur'a tashlandi. Jamoaning maqsadlari qanday?

- Qur'ada ko'rdingiz, bizga jiddiy raqiblar tushdi. Bizning vazifamiz ushbu turnirda munosib ishtirok etish va iloji boricha keyingi bosqichlarga chiqish. Chempionatdagi maqsadimiz esa titulni himoya qilish. Chempionatimiz ham og'ir, bu mavsumda 5-6 ta jamoa chempionlik uchun kurashmoqda, oddiy jamoalarga qarshi o'ynash ham oson bo'lmayapti. Bizning o'z maqsadimiz bor va chalg'imasdan shu yo'l bo'yicha olg'a borimishiz kerak.

- Birinchi davra o'tdi. "Nasaf" uchun qaysi klubni asosiy raqobatchi sifatida ko'ryapsiz?

- Bunday jamoalar ko'p. Chempionlik uchun kurash so'nggi turlarga qadar davom etadi.

- "Surxon" jamoasining ijobiy jihatlarini zararsizlantirish uchun o'yinchilarga qanday ko'rsatmalar berildi?

- Takidlashim kerakki, "Surxon" doim yaxshi futbol ko'rsatishga urinadigan yosh jamoa va har bir raqibga jiddiy muammo tug'diradi. Ushbu jamoa murabbiylar shtabining faoliyatini yuqori baholashim kerak. Jamoadan yetakchilar ketgan bo'lsa ham o'z futbolini ko'rsatishga intilyapti. Shu sabab ushbu jamoaga ko'plab mutaxassislar simpatiya bildiradi. "Surxon" jamoasi to'pni ko'proq o'zida ushlashga harakat qiladi, biz esa kerakli paytlarda ularga bosim qilishimiz kerak edi. Ehtimol "Surxon" bugun "Nasaf"ning salohiyatidan qo'rqib, o'z futbolini namoyish etmagandir. Ammo, biz buni qilishga ham imkon bermadik. Ammo, ular 2:0dan keyin o'z futbolini o'ynashni boshladi va vaziyatlar yarata oldi.

O'xshash yangiliklar


Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia