Ro'ziqul Berdiev: “Nasaf” oltin medal uchun kurashdan chiqib kyetmadi"

Narzulla Saydullayev
27 apr 2014, 22:37
"Nasaf" - "Metallurg" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Nasaf” bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi.
-Natija salbiy bo'ldi, og'ir o'yin bo'ldi. Raqibimiz yaxshi himoyalandi. Shuningdek, hujum chizig'i vakillari o'z vazifalarini bajara olishmadi. O'yin oxirlarida futbolchilarimiz gol urish uchun ko'proq asabiylashishdi.  Biz muhim ikki ochkoni yo'qotdik. Raqibimiz ko'proq himoyada harakat qilishdi. Ular menimcha, durang uchun maydonga chiqishgandi va bunga erishishdi. Lekin bu futbol. Chempionat davom etadi. Yo'qotilgan ochkolar o'rnini keyingi o'yinlarda to'ldirishga harakat qilamiz.

-Ushbu o'yindan keyin “Nasaf” oltin medal uchun kurashdan chiqdi, deb o'ylaysizmi?
-Yo'q. Bu fikrga qo'shilmayman. Chunki mavsumni katta qismi oldinda. Hamma jamoada yo'qotishlar bo'ladi. Yuqori o'rin uchun kurashamiz va buning uchun har tomonlama tayyor bo'lishimiz lozim.

-Mavsum boshida jamoa safiga kuchliroq hujumchi taklif etish mumkinmidi. Chunki bugun maydonga tushgan hujum chizig'i vakillari ishonchni oqlay olishmayapti...

-Biz albatta, tarkibda kuchli futbolchilar bo'lishini xohlaymiz. Ammo kuchli futbolchini jalb etishga imkoniyatimiz yetmaydi. Buni to'g'ri tushunishlaringizni istardim. Shu bois mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun harakat qilayapmiz. Bugun qolaversa Shomurodovning yo'qligi ham sezildi.Ilhom bilan birga Taran va Gadoevlarning tezroq safga qaytishiga umid qilib qolamiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcnasaf.uz