"Real"ga YCHL "toji"ni kiydirgan murabbiylar

Narzulla Saydullayev
29 may 2016
Madridning "Real" jamoasi kecha o'z tarixida 11-marotaba Yevropa chempionlar ligasida g'oliblikni qo'lga kiritdi.

YCHLda g'olib bo'lish bo'yicha ushbu jamoaga yaqin keladigan klub hozircha topilmayapti.
"Real"ning eng yaqin taqibchilari ro'yxatida birinchi o'rinda turgan jamoa bu so'nggi yillarda YCHLda ishtirok eta olmay kelayotgan va inqiroz ko'chasiga kirib qolgan "Milan" sanaladi. Ushbu jamoada YCHL bosh sovrini 7tani tashkil qiladi.
Keyingi o'rinlarda "Liverpul", "Bavariya" hamda "Barselona" turibdi. Ular hisobida YCHL bosh sovrini 5ta.

Biz shu kunga qadar "Real"ga YCHL kubogini yutib bergan barcha murabbiylar bilan tanishtirib o'tamiz.

1. Xose Vilyalonga Lorente (Ispaniya)


Ushbu mutaxassis qirollik klubida 1955-1957 yillar mobaynida faoliyat ko'rsatgan. "Real" Yevropaning bosh tojini dastlab aynan Vilyalonga qo'l ostida kiygan. Madridliklar 1956 hamda 1957 yillarda hozirgi Yevropa chempionlar ligasi, avvalgi nomi Yevropa chempionlar kubogida zafar quchgandi. Vilyalonga qo'l ostida "Real" uch yil ichida ikki marotaba Ispaniya chempioni nomiga ham sazovor bo'lgandi.

2. Luis Karnilya (Argentina)

"Real" 1956-1960 yillar mobaynida ketma-ket besh yil Yevropa chempionlar kubogida chempion bo'lgan. Ammo shu vaqt oralig'ida murabbiylar almashuvi davom etgan va "Real" ketma-ket yutilgan kuboklarni uch xil murabbiylar qo'l ostida qo'lga kiritgan.
Karnilya "Real" bilan 1958 hamda 1959 yillarda YCHLda g'olib bo'lgan bo'lsa, o'zining dastlabki mavsumida Ispaniya chempionatida ham chempionlik nomiga sazovor bo'lgan.

3. Migel Munos Mosun (Ispaniya)

Migel Munos "Real" tarixidagi eng ko'p yil ishlagan murabbiy sifatida qayd etilgan. Munos "qaymoqrangliklar"ni 1959 yilda o'z boshqaruviga olib, 1974 yilga qadar ishlashga muvaffaq bo'lgan. Shu vaqt mobaynida Migel Munos ham avvalgi mutaxassislar kabi ikki marotaba (1960, 1966) jamoaga Yevropa chempionlar kubogini (YCHL) olib bergan. Migel Munosning "Real"da ko'p qolishiga asosiy sabablardan biri bu - Ispaniya chempionatida sakkiz marotaba g'oliblikni qo'lga kiritishi bo'lgan. Ushbu mutaxassis shubhasiz "Real" tarixidagi eng yaxshi murabbiylar qatorida turadi.



4. Yupp Xaynkes (Germaniya)

Yupp "Real"da faqat bir yil ishlagan. Qisqa faoliyat yuritganiga qaramay, nemis mutaxassisi "Real"ni 1998 yilda Yevropa chempionlar ligasida tengsiz jamoa qilgan va Yevropa superkubogini ham qo'lga kiritgan. Lekin jamoa La Ligada o'z maqsadi chempionlikka erisha olmagani Yuppni ishdan kyetishiga sabab bo'lgan.


5. Visente Del Boske (Ispaniya)


Ushbu murabbiy haqida ortiqcha gapirishga hojat yo'q. "Real" tarixidagi eng kuchli jamoani shakllantirgan, bir qator sovrinlarga ega chiqqan Del Boske Yevropa chempionlar ligasida ham "Real"ni ikki marotaba yuqori cho'qqiga ko'tarilishiga bosh sababchi bo'lgan. Del Boske qo'l ostida "Real" 2000 hamda 2002 yillarida YCHLda g'oliblikka erishgan.



6. Karlo Anchelotti (Italiya)


Karlo Anchelotti "Real"ni uzoq tanaffusdan so'ng yana Yevropa chempionlar ligasida g'oliblikka qadar olib kelgan. Karlo Anchelotti "Real"dagi faoliyati davomida Ispaniya kubogi, YCHL, Yevropa superkubogi va Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida bosh sovringa egalik qilgan. Ammo Ispaniya chempionatida muvaffaqiyatsizlik sabab Anchelottiga ham chiqish eshiklarini ochib berilgan.


7. Zinedin Zidan (Fransiya)

Anchelotti ketganidan so'ng, uning o'rniga Rafael Benites keladi va "Real" mavsumni juda yomon o'tkazishiga to'g'ri keladi. "El klasiko"dagi sharmandali mag'lubiyat, "Barselona"dan 12 ochkoga ortda qolishlari nihoyat Benitesni ham iste'foga chiqishiga olib keladi. Benites qo'l ostida madridliklar Ispaniya kubogidan ham texnik mag'lubiyat tufayli tark etishadi. Denis Cherishevni diskvalifikaciya borligi uchun maydonga tushirmasligi kerak paytda, Rafa rossiyalik futbolchining xizmatlaridan foydalanadi va yakunda "Real" Ispaniya kubogidagi ishtirokini erta tugatadi. Mavsum o'rtasida Zinedin Zidan "Real"ni qabul qilib oladi. Peshqadam "Barselona"dan juda katta farq bilan ortda qolayotgan jamoani Zizu inqiroz ko'chasidan olib chiqib ketadi. "Barselona" bilan ochkolari farqi bittaga qadar qisqartirildi va La Liganing oxirgi tur o'yinidagina "Barselona" chempionlikni rasmiylashtiradi. Zidan sal qolsa Ispaniya chempionatidagi "proval" mavsumni chempionlik kayfiyatiga almashtirib yuborishi ham mumkin edi. Ammo bunga biroz etmay qoldi. Lekin Zizu baribir ushbu kayfiyatni ulasha oldi. Zidan qo'l ostida "Real" YCHLda finalga qadar yetib bordi va kecha Milandagi "San Siro" stadionida bo'lib o'tgan Yevropa chempionlar ligasi finalida "Atletiko" penaltilar seriyasi orqali mag'lubiyatga uchratildi. Bu esa "Real"ga navbatdagi kubokni taqdim etdi. Zizu juda yomon boshlangan mavsumni chiroyli yakunlab berdi. Zidan o'zining professional murabbiylik faoliyatidagi dastlabki mavsumidayoq tarixiy natijani qayd etdi. Shuningdek, Zizu YCHLni yutgan ilk fransiyalik murabbiyga aylandi.



Shahboz Beg'amov


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia