"Real" mutaxassisi O'FF prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashdi

Aziz Tukhtamuradov
20 dek 2017
Mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish, hududlarda bolalar va o'smirlar orasida futbolni yanada ommalashtirish borasida viloyatlar to'rtta hududga bo'lingan holda, har bir hudud uchun bir nafardan xorijlik mutaxassis jalb qilinishi haqida avval xabar berib o'tgandik.

Mana shu maqsadda, serbiyalik 56 yoshli mutaxassis Zavisha Milosavlevich ayni paytda yurtimizda bo'lib turibdi. Shuningdek, bugun bolalar futboli bo'yicha yana bir mutaxassis,  "Real Madrid" akademiyasida faoliyat yurituvchi ispaniyalik Kiko Zuniga Toshkentga yetib keldi.

Kiko Zuniga O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashib, mamlakatimizda bolalar futbolini rivojlantirish bo'yicha o'zining dasturini taqdim etdi.

O'FF rahbariyati tomonidan bu dastur o'rganib chiqilib, maqul deb topilsa, Kiko Zuniga bilan ham shartnoma imzolanadi. Ispaniyalik mutaxassis hududlardagi bolalar futboli murabbiylari bilan uchrashish, u yerdagi holatni o'rganish maqsadida, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlariga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: the-uff.com