

Bu safar "Monako"dan "Qirollik klubi"ga o'tgan Xames Rodriges ma'lumotlari e'lon qilindi.
Ma'lumotlarga ko'ra, qaymoqranglilar monegasklarga Xames uchun 75 mln. evro to'lagan. To'lov uch muddatda amalga oshirilgan va har safar "Real" 25 mln. evrodan "Monako" hisobiga pul o'tkazib berishi kerak bo'lgan. Ispan grandi joriy yilning iyul oyigacha yana 25 mln. evro to'lashi lozim. Bundan tashqari, agar "Real" Chempionlar ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritsa, "Monako" har mavsum 1 mln. evrodan ishlab oladi. Ammo bu borada ma'lum chegaralar bor va "Qirollik klubi" Chempionlar ligasi uchun monegasklarga 5 mln. evrodan ortiq to'lamaydi. Shu bilan birga, agar Xames "Oltin to'p" uchun asosiy uch da'vogardan biri bo'lsa, "Real" yana 5 mln. evro to'laydi. Rodriges yilning eng yaxshi futbolchisiga aylansa, "Qirollik klubi" yana shuncha mablag'ni "Monako" hisobiga o'tkazib beradi.



