Ravshan Muqimov: "Dinamo" xarakter ko'rsata oldi"

Narzulla Saydullayev
29 sen 2013
Bugun bo'lib o'tgan "Dinamo" - "Lokomotiv" (1:0) uchrashuvidan so'ng har ikki jamoa bosh murabbiylari matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Dastlab yig'ilganlar savollariga "Lokomotiv" murabbiyi Ravshan Muqimov javob qaytardi.

"Bu futbol va o'yin shunga munosib bo'ldi. Har ikki jamoaga ham ochkolar juda zarur edi. "Lokomotiv" chempionlik uchun kurashayotgan bo'lsa, "Dinamo" oxirgi pog'onalardan qochishga harakat qilmoqda. Shunday o'yin bo'lishini kutayotgan edik va mana ikki o'yindirki bizga omad  kelmayapti. Vaziyatlarni yarimidan ham foydalana olmadik. Ularda bitta vaziyat bo'ldi va gol urishdi, shuning uchun bu futbol. “Dinamo”ni g'alaba bilan tabriklayman" - deya o'yin haqida fikrlarini bildirib o'tdi Ravshan Muqimov.

- Uchrashuvdan so'ng murabbiylar videomarkazda o'yin videosini qaytadan muhokama qilib chiqishdi. Qandaydir etirozlar bor edimi?
- Hech qanday etiroz yo'q buni faqatgina o'zimiz uchun ko'rdik. Hakamlar yaxshi boshqarib borishdi.

- Farhod Tojiev bu yil maydonga tusha oladimi?
- Yo'q, afsuski bu yilgi mavsumda maydonga tushmaydi. Ahvoli juda jiddiy va kechagina Germaniyadan qaytib keldi.

- Uchrashuv oldidan "Dinamo"ni qanday hisobda mag'lub etamiz deb o'ylagan edinglar?

- Bugun faqat yutamiz deb kelgandik. Bugungi uchrashuvda xarakter birinchi o'ringa chiqdi. "Dinamo" haqiqiy xarakter ko'rsata oldi.  Tajriba esa g'alabaga etarli bo'lmadi. Darvozabonni alohida takidlagan bo'lar edim. Melnichuk uchta yaqqol goldan jamoasini saqlab qoldi.

- Chempionlik uchun kurashayotgan "Lokomotiv" ketma-ket mag'lubiyatga uchramoqda. Jamoani chempionlikka harakatini qanday baholar edingiz?

- Hali oldinda oltita tur bor va kurash endi boshlandi. Ko'rayapsizlar har turda  katta sensaciyalar bo'lmoqda. Qolgan turlar keskin o'tishiga shubhalanmasak ham bo'ladi.

- Jamoaning o'yinida pasayish ko'rgandek bo'ldik. Bu nima bilan bog'liq yoki raqibni mensimaslikmidi bu?

- Jamoamizga shiddat yetishmadi. O'yindan oldin yigitlar yutamiz degan edi va jazolandi. Psixologiya jihatidan yana qayta ishlaymiz.


Humoyun Davurov yozib oldi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia