Ravshan Ermatov va yana 3 nafar hamyurtimiz OFK qo'mitalari a'zoligiga tayinlanishdi

Tolibjon Qosimov
24 iyul 2019, 18:49
Xabaringiz bor, o'tgan haftada O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohida bo'lib, OFK mutasaddilari bilan uchrashuv o'tkazdi va o'zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, o'zaro ishonch va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish xususida kelishib olingan edi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan amalga oshiriladigan turli dasturlarda O'zbekiston vakillarining ham muntazam ishtirok etib borishi milliy futbolimiz ravnaqiga xizmat qilishini inobatga olib, qita futbol konfederatsiyasi bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan qadamlar tashlanmoqda.

Kuni kecha OFKning doimiy tartibda faoliyat ko'rsatuvchi qo'mitalariga yangi a'zolar tayinlandi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, qitamiz futbol konfederatsiyasining qo'mitalari a'zoligiga bir qator o'zbekistonlik mutaxassislar ham tayinlov olishdi. Unga ko'ra,

Ravshan Ermatov OFK hakamlar qo'mitasiga, 

Avaz Maksumov OFK futbolni rivojlantirish qo'mitasiga,

Olim Arifov OFK musobaqalar o'tkazish qo'mitasiga,

Shavkat Imomov OFK texnik qo'mitasiga

a'zo sifatida tayinlanishdi. Endi hamyurtlarimiz mazkur qo'mitalarda 2019-2023 yillar mobaynida faoliyat olib borishadi.

Mutaxassislarimiz kelajakda qita futboli rivojiga o'z xissasini qo'shish uchun bor bilim va mahoratlarini ishga soladilar.

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan bildirilayotgan yuksak ishonchni qadrlaydi va minnatdorchilik bildiradi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: ufa.uz