Rasul Rahmonov: "Andijon" bu yil oldiga qo'yilgan vazifani bemalol bajara oladi"

Iskandarov Abdulaziz
26 fev 2026, 14:11
"Andijon" mavsumga katta maqsadlar va yangilangan tarkib bilan kirib kelmoqda.

"Burgutlar"ning hozirligi har yilgidanda boshqacha ko'rinishda bo'ldi. Tajribali futbolchilar, legionerlar jalb qilindi. Jamoa ertaga ochilish o'yinida "Bobur Arena"da "So'g'diyona"ni qabul qiladi. 

Mazkur o'yin oldidan "Andijon" sobiq futbolchisi Rasul Rahmonov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Andijon" jamoasi bu yilgi mavsum oldidan viloyat va jamoa rahbariyati tomonidan sovrinlar uchun kurashishi haqida bayonot berganidan keyin kichik transfer bozorida faollik ko'rsatdi. Bunda tajribali, avval bir necha bor sovrindor bo'lgan o'yinchilar bilan bir qatorda kelajakka ega yosh o'yinchilar ham tarkibga jalb qilindi. O'ylaymanki, jamoada yaxshi tarkib to'plandi va jamoa oldiga qo'yilgan vazifani uddalashadi. Cheran, Tuxtaxo'jaev kabi futbolchilarning ambiciyalari yuqori, ular jamoani oldinga olib borib, jamoa tarixida birinchi marta O'zbekiston chempionatida sovrindorlar qatoriga kirishiga ishonaman",- deydi sobiq to'ptepar.


Rasul Rahmonov jamoaning maqsadi, tarkibdagi balans, legionerlar haqida ham to'xtaldi.

"Yangi bosh murabbiy tomonidan tarkib balansni saqlab shakllantirildi, deb o'ylayman. Teng qudratli darvozabonlar, tajribali himoya chizig'i, mening fikrimcha, jamoaning eng kuchli chizig'i - yarim himoya va shuningdek, hujum chizig'iga olib kelingan legioner va mahalliy o'yinchilar kerakli raqobatni vujudga keltirib, maqsad yo'lida barcha kuchini sarflaydi, deb o'ylayman. Yig'ilgan tarkib va olib borilayotgan ishlar, yaratilayotgan sharoitlardan kelib chiqib, vazifani bemalol uddalash imkoniyati bor. Bu yo'lda rahbariyatdan kerakli sharoitlarni yaratib berish, muxlislardan esa o'z darajalarini yana bir bor isbotlab, qo'llab-quvvatlash kerak bo'ladi",- dedi "burgutlar"ning sobiq yetakchisi.

Bugungi kunda murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan Rahmonov startdagi natija va bosh og'riq bo'la oladigan klublarni ham tilga olib o'tdi. 

"Andijon"dan ochilish o'yinida albatta ishonchli g'alaba kutyapman.

Faqatgina ilk turda emas, mavsum haqida fikr bildirsam, menimcha bu mavsumda "Qo'qon-1912" va "Lokomotiv" jamoalari ko'p jamoalarga boshog'riq bo'ladi va kutilmagan natijalarga erishadi, deb o'ylayman",- deya so'zlarini yakunladi.

Ma'lumot uchun, "Andijon" - "So'g'diyona" uchrashuvi 27 fevral kuni 18:45da start oladi. 

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia