Rasman: O'zbekiston Kubogi–2017 finali qishda bo'ladi va uni xorijlik hakamlar boshqarishadi

Narzulla Saydullayev
13 okt 2017, 21:04
O'zbekiston Kubogining final o'yini 4 dekabr, dushanba kuni Toshkentdagi Bunyodkor stadionida bo'lib o'tadi.

 “Lokomotiv” va “Bunyodkor” maydonga tushadigan uchrashuv soat 15:00da boshlanadi.

O'zbekiston Futbol Federatsiyasi Professional Futbol Ligasi bilan hamkorlikda kubok finalini bayramona tarzda o'tkazish maqsadida o'yindan oldin musiqiy shou-dastur o'tkazishni rejalashtiryapti.

Lokomotiv va Bunyodkor jamoalari o'rtasidagi finalni Birlashgan Arab Amirliklari vakillari bo'lgan hakamlar guruhi boshqaradi. Mazkur o'yinda Muhammad Abdulla Hasan bosh hakam vazifasini bajaradi. Unga qanotlarda Muhammad Hasan Abdulla al-Mahri hamda Muhammad Ahmad Yusuf Abdulla al-Hammadi yordam beradi. To'rtinchi referi vazifasi Ammar Ali Abdulla al-Junaybiyga yuklatildi.

Shu o'rinda qayd etish kerakki, BAAlik hakamlarning Kubok finalini boshqarishi O'zbekiston Futbol Federatsiyasi va BAA Futbol Uyushmasi o'rtasidagi hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilmoqda.

Final bellashuvi mezbonini aniqlash uchun tashlangan qur'ada Bunyodkor nominal mezbon maqomiga ega bo'ldi. Ma'lumot uchun, final o'yinida Bunyodkor futbolchilari qizg'ish-oq rangli futbolkalarda maydonga tushadi. O'zbekiston Kubogining amaldagi sohibi – Lokomotiv a'zolari esa oq-yashil formada o'ynaydi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz