"Qizilqum" Navoiyda tayyorgarlikni davom ettirmoqda

Tolibjon Qosimov
11 yanv 2018, 10:25
Yangi yil oldida qisqa tatilga chiqqan “Qizilqum” futbolchilari 8 yanvardan boshlab o'quv-yig'in mashg'ulotlarni boshlashdi.

Ayni kunda jamoa a'zolari Navoiy shahrida kuniga ikki mahaldan mashg'ulot o'tkazishmoqda.

Jamoamiz tarkibidagi o'zgarishlarga to'xtaladigan bo'lsak, o'tgan yili “Qizilqum”da to'p tepgan Otabek Zokirov,Shukurali Po'latov, Otabek Isroilov, Akram Bahriddinov va Ilhom Yunusov jamoa bilan xayrlashdi. Ayni paytda navoiylik futbol  ishqibozlariga yaxshi tanish bo'lgan Nemanya Yovanovich (Serbiya) va Grigoriy Kviseshvili (Gruziya) jamoamiz mashg'ulotlarida ishtirok etishmoqda. Shuningdek, “Neftchi”dagi yorqin o'yinlari orqali ishqibozlar etirofiga sazovor bo'lgan  posbon Evgeniy Cheremisin (Rossiya) ham “Qizilqum” ko'rigida bo'lib turibdi. Bundan tashqari, Eldor Boymatov (“Sho'rtan”), Sarvar Xolmatov (“Surxon”), Doniyor Usmonov (“Navbahor”), Navro'z Alimov (“Qo'qon-1912”), Alisher Sanoev  (“Buxoro”) singari futbolchilar ham jamoamiz tarkibida  shug'ullanmoqda. Shuningdek, o'tgan mavsumda o'rinbosarlar safida harakat qilgan iqtidorli mahalliy futbolchilar Suhrob Yarashev va Husniddin Fazliddinov asosiy tarkib a'zolari bilan birga. Jamoamizning tajribali legioneri turkmanistonlik Artur Gevorkyan yaqin kunlarda safga qaytadi. Shuningdek, yig'in davomida gruziyalik hujumchi ham jamoa tarkibiga kelib qo'shilishi kutilmoqda.

Futbolchilarimiz 25 yanvarga qadar tayyorgarlikni Navoiyda davom ettirishadi. So'ngra o'quv-yig'in mashulotlari poytaxtimiz Toshkentda o'tkaziladi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: "Қизилқум" матбуот хизмати