Pochettino PSJdan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni so'radi

Aslanov Jasurbek
30 may 2021, 21:21
Argentinalik mutaxassisning parijliklar bilan amaldagi shartnomasi kelgusi yil yakunlanadi.

PSJ bosh murabbiyi Maurisio Pochettino Parij klubi rahbariyatidan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni so'radi, deya xabar beradi Goal.

Pochettino "Real Madrid"ning asosiy nishonida bo'lib turibdi. Bundan tashqari, "Tottenxem" klubi mutaxassisni sobiq jamoasiga qaytarishni istaydi.

Eslatib o'tamiz, 27 may kuni "Real Madrid" Zinedin Zidanning "Qirollik klubi"ni tark etishini rasman e'lon qildi. Avvaliga Massimiliano Allegri "qaymoqranglilar" bosh murabbiyi lavozimiga asosiy nomzod edi, ammo murabbiy amalda "Yuventus"ga qaytishga rozi bo'ldi va madridliklar endi bor e'tiborini Pochettinoga qaratmoqda. Pochettinodan tashqari "Real" Antonio Konte va Raul nomzodlarini ko'rib chiqmoqda.

Pochettino 2014 yildan 2019 yilgacha "Tottenxem"ni boshqargan va ingliz klubidan ilgari "Sautgempton" va "Espanol" postini egallagandi. Argentinalik mutaxassis "shporlar" bilan Chempionlar Ligasi va Angliya Liga Kubogi finaliga chiqqan. 2021 yil yanvar oyida mutaxassis PSJni qabul qilib oldi va klub bilan Fransiya kubogini qo'lga kiritdi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Goal