

E'tiborlisi, oradan chorak asr o'tgach, o'sha bahs ishtirokchilaridan biri uni butun musobaqadagi eng qiyin o'yin deb atagan. Xo'sh, yirik g'alaba bilan yakunlangan uchrashuv aslida qanday sharoitda kechgan va u qanday qilib o'zbek futboli tarixidagi eng yorqin sahifalardan biriga aylangan?
1994 yilning 1 oktyabri. Yaponiyaning Xirosima shahrida XII yozgi Osiyo o'yinlarining ochilish marosimiga tayyorgarlik davom etar, futbol musobaqasi esa allaqachon boshlanish arafasida edi. Rasmiy ochilish marosimi 2 oktyabrga belgilangan bo'lsa-da, futbol bo'yicha dastlabki uchrashuvlar bir kun avval o'tkazilishi kerak edi.
O'zbekiston uchun bu musobaqa alohida ahamiyatga ega bo'lgan. Mustaqillikka erishganiga uch yil to'lgan mamlakat terma jamoasi birinchi marta Osiyo o'yinlarida qatnashar, jamoaning xalqaro maydondagi imkoniyatlari haqida esa ko'pchilikda aniq tasavvur yo'q edi.
O'zbekiston futbolchilarining birinchi raqibi Saudiya Arabistoni bo'ldi. Bu tasodifiy uchrashuv emas, balki musobaqa boshlanishiga ikki hafta qolganda qayta o'tkazilgan qur'a natijasi edi.
1994 yil 1 iyunda e'lon qilingan dastlabki qur'ada O'zbekiston Eron, Bahrayn, O'mon va Yaman bilan "A" guruhidan joy olgan. Saudiya Arabistoni esa Kuvayt, Gonkong va Nepal bilan "D" guruhida edi.
Biroq Qozog'iston, Hindiston, Indoneziya, Mo'g'uliston va Bruney musobaqada qatnashishdan voz kechgan. Shu sabab 16 sentyabrda guruhlar qayta shakllantirilgan. Natijada O'zbekiston Saudiya Arabistoni, Tailand, Malayziya va Gonkong bilan bir guruhga tushgan.
O'zbekistonning ilk raqibi o'sha yilgi xalqaro futbolning e'tibor markazida turgan mamlakatlardan edi.
1994 yil yozida Saudiya Arabistoni terma jamoasi tarixida birinchi marta Jahon chempionatida qatnashgan. AQSHda o'tkazilgan mundialda saudiyaliklar Marokashni 2:1, Belgiyani 1:0 hisobida mag'lub etib, guruh bosqichidan chiqqan. Ayniqsa, Said al-Uvayronning Belgiyaga qarshi kiritgan goli jahon futbolida katta qiziqish uyg'otgan. Nimchorak finalda esa Saudiya Arabistoni Shvetsiyaga 1:3 hisobida mag'lub bo'lgan.
Shu tariqa, Xirosimadagi uchrashuvdan atigi uch oy oldin saudiyaliklar jahonning eng kuchli 16 jamoasi qatoriga kirgan edi.
Biroq Osiyo o'yinlarida Saudiya Arabistonining Jahon chempionatida qatnashgan asosiy terma jamoasi emas, olimpiya tarkibi ishtirok etgan.
Xirosima o'yinlaridan atigi ikki oy oldin Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi AQSHda o'tgan JCH-1994 da sensatsiya ko'tarib, nimchorak finalga chiqqan edi. Shu sababli Saudiya futbol federatsiyasi asosiy yulduzlarga (Sami al-Jobir, Said al-Uvayran, Muhammad ad-Deayya) dam berib, Yaponiyaga braziliyalik mutaxassis Ivo Vortmann boshchiligidagi Olimpiya tarkibini yuborgan.
Yillar o'tib, 1994 yilgi chempion jamoa yarimhimoyachisi Ilhom Sharipov kutilmagan fikrni bildirgan.
2019 yil 10 noyabrda Kun.uz nashriga bergan suhbatida undan Xirosimadagi eng qiyin o'yin haqida so'rashgan. Sharipov esa ikkilanmasdan Saudiya Arabistoniga qarshi birinchi tur uchrashuvini tilga olgan.
Futbolchining tushuntirishicha, O'zbekiston terma jamoasi musobaqaga asosan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o'tkazilgan uchrashuvlar orqali tayyorgarlik ko'rgan. Jamoa Tojikiston, Qozog'iston va Qirg'iziston termalari bilan o'ynagan, biroq Osiyoning boshqa mintaqalari futbol uslubi haqida etarli ma'lumotga ega bo'lmagan.
Ayniqsa, arab jamoalari bilan to'qnashuv futbolchilar uchun jiddiy sinov edi. Ular Saudiya Arabistoni qanday o'yin namoyish etishini oldindan bilmagan va maydonga kuchli hayajon bilan tushgan.
Sharipovning so'zlariga ko'ra, aynan birinchi g'alaba jamoadagi ishonchni butunlay o'zgartirgan. Saudiya Arabistoni 4:1 hisobida mag'lub etilgach, futbolchilar o'z imkoniyatlariga boshqacha qaray boshlagan. Keyingi g'alabalar esa bu ishonchni yanada mustahkamlagan.
O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi tarixiy uchrashuv 4:1 hisobida yakunlangan. Birinchi bo'limning o'zidayoq tabloda 4:0 hisobi qayd etilgan.
O'zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi Rustam Akramov edi. Uning yonida tajribali mutaxassis Birodar Abduraimov ham faoliyat olib borgan.
O'zbekistonning boshlang'ich tarkibi: Yuriy Sheykin, Fevzi Davletov, Andrey Fyodorov, Farhod Magometov (sardor), Aleksandr Tixonov, Ilhom Sharipov, Mirjalol Qosimov, Sergey Lebedev, Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov va Rustam Do'rmonov.
Ikkinchi bo'limda Aleksandr Tixonov o'rniga Ulug'bek Ro'zimov, Rustam Do'rmonov o'rniga esa Shuhrat Maqsudov maydonga tushgan.
O'zbekistonning birinchi golini Sergey Lebedev kiritgan. Oradan ko'p o'tmay Mirjalol Qosimov hisobni 2:0 ga etkazgan. Keyin navbat Igor Shkviringa kelgan. U birinchi bo'lim tugaguniga qadar raqib darvozasini ikki marta ishg'ol qilgan.
Lebedev va Qosimovning gollari jarima zarbalaridan kiritilgan.
Saudiya Arabistoni ikkinchi bo'limda hisobni qisqartirishga erisha olmagan. Faqat uchrashuvning so'nggi daqiqasida Homid al-Johaniy O'zbekiston darvozasiga javob to'pini kiritgan.
Shu tariqa birinchi bo'limda urilgan to'rtta gol O'zbekistonga 4:1 hisobidagi g'alabani taqdim etgan.
O'sha musobaqada O'zbekiston terma jamoasining imkoniyatlari bugungi professional milliy jamoalarnikidan ancha farq qilgan.
Ilhom Sharipov 2019 yilgi suhbatida Xirosimaga faqat bir to'plam sport anjomlari bilan borilganini, jamoada yagona rangdagi o'yin libosi bo'lganini eslagan.
Birodar Abduraimov ham 2014 yil oxirida "InterFutbol" gazetasiga bergan intervyusida shunga o'xshash voqeani tasdiqlagan. Uning takidlashicha, futbolchilarning liboslari ayrim raqiblarniki bilan bir xil rangda bo'lib qolgan. Natijada etirozlar kelib chiqqan, hatto Osiyo futbol konfederatsiyasiga shikoyat xati ham yozilgan.
Abduraimovning aytishicha, Xirosimada O'zbekiston terma jamoasi va uning murabbiylari ko'pchilikka yaxshi tanish bo'lmagan. Yaponiya termasini braziliyalik Falkao, Janubiy Koreyani Anatoliy Bishovec boshqarardi. O'zbekistonning murabbiylar shtabi esa xalqaro maydonda hali katta shuhrat qozonmagan edi.
Murabbiy Xirosimaga kelgach, futbolchilarni musobaqaning oxirigacha qolib, o'z imkoniyatlarini namoyish etishga undaganini xotirlagan.
Saudiya Arabistoni ustidan qozonilgan yirik g'alabadan keyin esa vaziyat o'zgargan. Abduraimovning xotirlashicha, O'zbekistonga qiziqish ortgan, jamoaning qayerdan kelgani haqida savollar paydo bo'lgan.
O'sha voqealarni keyinchalik berilgan intervyulardan tashqari, 1994 yilning o'zida chop etilgan gazetalar orqali ham o'rganish mumkin.
Jumladan, "Toshkent haqiqati" gazetasining 1994 yil 22 oktyabrdagi 79-sonida O'zA muxbiri tomonidan tayyorlangan "Futbol federatsiyasidagi uchrashuv" sarlavhali xabar e'lon qilingan.

Unda 19 oktyabr kuni Respublika futbol federatsiyasida Xirosima Osiyo o'yinlari yakunlariga bag'ishlangan jurnalistlar bilan uchrashuv bo'lib o'tgani qayd etilgan.
Bosh murabbiy Rustam Akramov o'z jamoasining birinchi katta xalqaro g'alabasi haqida gapirgan. Uning takidlashicha, musobaqa arafasida mutaxassislar asosan Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoyni g'oliblikka da'vogar deb hisoblagan. O'zbekiston esa Osiyo o'yinlarida birinchi marta qatnashgani sabab e'tibor markazida bo'lmagan.
Biroq guruh bosqichidagi dastlabki ikki g'alabadan keyin mutaxassislarning qarashlari o'zgargan.
Mazkur xabarning ahamiyati shundaki, u oradan o'nlab yillar o'tib aytilgan xotira emas. U chempionlik qo'lga kiritilganidan atigi bir necha kun keyingi matbuot uchrashuvi asosida yozilgan.
Dastlabki ikki uchrashuv esa Saudiya Arabistoni ustidan 4:1 va Malayziya ustidan 5:0 hisobidagi g'alabalar edi.
Xirosimadagi 4:1 hisobidan keyin ikki jamoaning yo'li yana bir necha uchrashuvgacha bir yo'nalishda davom etgan.
Saudiya Arabistoni dastlabki mag'lubiyatga qaramay, keyingi bahslarda Tailandni 4:2, Malayziyani 2:1, Gonkongni esa 2:1 hisobida enggan. Natijada to'qqiz ochko bilan guruhda ikkinchi o'rinni egallagan.
O'zbekiston esa to'rtta uchrashuvning barchasida g'alaba qozongan. Saudiya Arabistonidan keyin Malayziya 5:0, Gonkong 1:0, Tailand 5:4 hisobida mag'lub etilgan.
Shu tariqa, O'zbekiston 12 ochko to'plab, "B" guruhini birinchi o'rinda yakunlagan. To'rtta o'yinda raqiblar darvozasiga 15 ta to'p kiritilgan va beshta gol o'tkazib yuborilgan.
Musobaqaning keyingi bosqichida O'zbekiston Turkmaniston bilan to'qnash kelgan. Saudiya Arabistoni esa Xitoyga ro'baro' bo'lgan.
11 oktyabrda O'zbekiston Turkmanistonni 3:0 hisobida engib, yarim finalga chiqqan. Saudiya Arabistoni esa Xitoyga 0:2 hisobida mag'lub bo'lib, musobaqa bilan xayrlashgan.
E'tiborlisi, Xirosimada saudiyaliklarning g'oliblik yo'liga O'zbekiston nuqta qo'ymagan. Ular birinchi turda mag'lub bo'lib, keyin uchta uchrashuvda g'alaba qozongan va faqat chorak finalda musobaqani tark etgan.
O'zbekiston terma jamoasi chorak finalda Turkmanistonni enggach, yarim finalda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushgan.
Anatoliy Bishovec boshqaruvidagi koreyslar musobaqaning kuchli jamoalaridan biri hisoblangan. Bu safar O'zbekiston birinchi turdagidek to'rtta gol ura olmagan. Biroq Azamat Abduraimovning yagona goli terma jamoani finalga olib chiqqan.
Ilhom Sharipovning xotirlashicha, Saudiya Arabistoniga qarshi g'alaba futbolchilarda birinchi katta ishonchni paydo qilgan bo'lsa, Janubiy Koreyaning mag'lub etilishi jamoada chempionlikka bo'lgan ishonchni yanada mustahkamlagan.
"Toshkent haqiqati"ning 22 oktyabrdagi sonida terma jamoa darvozaboni Yuriy Sheykinning musobaqa haqidagi fikrlari ham keltirilgan. U Janubiy Koreyaga qarshi yarim final jamoa uchun alohida ahamiyatga ega bo'lgani, aynan shu bahsdan so'ng chempionlikka ishonch kuchayganini takidlagan.

Shu tariqa, Saudiya Arabistoni bilan uchrashuv jamoaning o'ziga bo'lgan ishonchini oshirgan dastlabki nuqta bo'lsa, Janubiy Koreyaga qarshi g'alaba uni chempionlikka olib borgan hal qiluvchi bosqichlardan biriga aylangan.
O'zbek futboli tarixidagi o'sha unutilmas chempionlik yo'li aynan Saudiya Arabistoni darvozasiga kiritilgan to'rtta goldan boshlangan.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



