O'zbekiston U-20 yoshlar termasi Fransiyaga qarshi o'yinga tayyor

6 iyul 2013, 10:55
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi 6 iyul, shanba kuni Turkiyada davom etayotgan yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionati chorak final uchrashuvlari doirasida Fransiya yoshlariga qarshi bahs olib boradi.

O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmadjon Musaev musobaqa davomida jurnalistlar bilan bo'lib o'tgan muloqotlari chog'ida, jahon chempionatida jahonning eng kuchli 24 terma jamoasi ishtirok etishini, bosqichdan bosqichga esa ular orasidagi eng kuchli va munosiblari saralanib o'tib borishini muntazam ta'kidlab keladi. Biz barcha raqiblarimizni hurmat qilamiz, ammo ulardan cho'chimaymiz, - degandi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Xorvatiyaga qarshi guruh bosqichi o'yini arafasida.

Xuddi shunday, O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi musobaqa davomida o'ziga raqib bo'lgan va raqib bo'lmagan barcha jamoalarni hurmat qiladi, ulardan chiroyli o'yin kutadi va o'zi ham raqibga nisbatan chiroyli o'yin ko'rsatishga intiladi. Biroq hurmat qilish degani, raqib kuchli bo'lsa, osonlikcha jon beriladi, degani emas, aslo. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi musobaqa davomida faqat bir marta – pley-off bosqichi yo'llanmasi naqd qilib bo'linganidan keyin Urugvayga qarshi o'tkazilgan guruh bosqichi o'yinida yirik hisobda imkoniyatni boy berdi, biroq terma jamoa uchun bu bir yomon tush singari bo'ldi.

Yevropa vice-chempioni hisoblangan Gretsiya yoshlar terma jamoasiga qarshi o'yinda Ahmadjon Musaev shogirdlari o'rni kelganda natija uchun o'ynab, vaqtida chiroyli ham o'ynay olishlarini namoyish etishdi. Asosiy tarkibning eng asosiy bo'g'inlaridan biri – jarohat olgan Jamshid Iskanderovning yo'qligini boshqa futbolchilar sezdirmaslikka harakat qilishdi va buning uddasidan chiqishdi ham. Qaysidir manoda, Ahmadjon Musaevning: Terma jamoamizdagi har bir futbolchining o'z o'rni bor, birining o'rnini boshqasi bosa oladi, - degan gaplari xuddi shu kuni o'z isbotini topgandek.

Fransiyaga qarshi o'yinda, Iskanderovdan tashqari, diskvalifikaciya sabab, tarkibdagi o'rni sezilarli darajada katta bo'lgan markaziy himoyachilar – Sardor Rahmonov va Boburbek Yo'ldoshev ishtirok etmaydi. Biroq ularning ham o'rni munosib to'ldirilishiga ishonish mumkin. Ahmadjon Musaev musobaqa davomida tashkil etilgan matbuot anjumanlarida Turkiyadagi bahslarga ayni vaqtda jismoniy, texnik-taktik tayyorgarligi eng yaxshi bo'lgan futbolchilar saralab olib kelingani, o'yinda esa ular orasida o'yin kuni eng yaxshi holatda bo'lganlari maydonga tushishi, kim maydonga tushishini esa faqat o'yin kuni ko'rish va bilish mumkinligini bir necha bor qayd etib o'tgan edi.

Agar natijalarga qarab xulosa qiladigan bo'lsak, Gretsiya finaliga qadar yetib borgan yoshlar o'rtasidagi 2012 yilgi Yevropa chempionatida Fransiya V guruhida Angliya yoshlaridan keyin ikkinchi o'rinni egallab, yarim finalga chiqqan. Yarim finalda esa Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan 120 daqiqa davom etgan o'yinda 3:3 hisobida durang o'ynagan va faqat penaltilar seriyasida 2:4 hisobida imkoniyatni boy bergan. Keyinchalik, ispanlar finalda greklarni, qiyinchilik bilan bo'lsa-da mag'lub etib (1:0), musobaqa g'olibiga aylangan edi.

Qayd etish joiz, jahon chempionati bahslari arafasida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi so'nggi xorij yig'inini aynan Ispaniyada o'tkazib, mahalliy yoshlar terma jamoasi bilan tengma-teng o'yin namoyish etgan, faqatgina so'nggi daqiqada mahalliy hakam tomonidan Asilbek Omonov darvozasiga belgilangan penalti sabab imkoniyatni boy bergan edi (2:3). Mana shu natijalardan kelib chiqiladigan bo'lsa, bugun Rize shahrida o'tadigan o'yinda Fransiya qanchalik favorit deb etirof etilmasin, Ahmadjon Musaev shogirdlaridan raqibga qarshi tengma-teng o'yin kutish mumkin.

Jahon chempionatidagi birorta o'yinning ahamiyati chorak finaldagida o'yindan kam emas. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Yangi Zelandiya, Xorvatiya, Urugvay, Gretsiya yoshlariga qarshi qanday tayyorgarlik ko'rgan bo'lsa, Fransiyaga qarshi ham xuddi shu kabi jiddiylik va tirishqoqlik bilan hozirlik ko'rdi. So'nggi mashg'ulotlar 5 iyul kuni Trabzonspor futbol klubining Ali Yilmaz bazasida o'tkazildi. Nazariy mashg'ulotlarda ham Fransiya yoshlar terma jamoasining deyarli barcha ustun va kamchilik jihatlari, xavfli o'yinchilari va ularning e'tiborga molik jihatlari diqqat bilan o'rganib chiqildi, tushuntirildi.

6 iyul, shanba kuni O'zbekiston yoshlar terma jamoasi o'z faoliyati tarixidagi eng muhim o'yinlardan birini o'tkazadi. Rize shahridagi Yeni Shehir stadionida Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadigan Fransiyaga qarshi o'yindan so'ng Istanbulga emas, balki, dastlab Bursaga – yarim final o'yini ishtirok etish uchun borishni nafaqat muxlislar, balki futbolchilar juda ham qattiq xohlashmoqda. Bunda futbolchilarning maydondagi harakatlaridan tashqari, muxlislarning qo'llab-quvvatlashi ham muhim o'rin tutadi. Shunday ekan, sizni shunday chorlab qolamiz: O'zbekiston yoshlar terma jamoasini qo'llab-quvvatlang, unga omad tilang va yoshlarimizga ishoning!.


Manba: the-uff.com