O'zbekiston - Turkmaniston uchrashuvi o'tgan va yaqinda buzib tashlanadigan stadion haqida

Narzulla Saydullayev
24 yanv 2019, 17:06
Dubaydagi Rashid stadionida Osiyo kubogi, 1/8 finalidan o'rin olgan Janubiy Koreya - Bahrayn terma jamoalari o'rtasidagi o'yin bo'lib o'tdi.

Bu o'yin OAVda batafsil yoritildi, shuning uchun hozir bu uchrashuvga to'xtalib o'tirmaymiz. Biz sizlarga Rashid stadioni haqida so'zlamoqchimiz.

Rashid stadionida Osiyo kubogining 5ta o'yini bo'lib o'tdi. Shulardan bittasi va bizga eng yoqqan o'yin O'zbekiston - Turkmaniston (4:0) uchrashuvi bo'ldi. Sababi barchangizga ayon, bu stadionda terma jamoamiz o'zining so'nggi yillardagi eng yirik g'alabasini rasmiylashtirdi. To'g'ri raqib kuchsiz deyishingiz mumkin, lekin bu Osiyo Kubogidan o'rin olgan va biz uchun  muhim uchrashuv edi.




Rashid stadioni Dubay shahrining markazida, muxlislar uchun borish juda qulay bo'lgan hududda joylashgan. Dubay metrosining yashil yo'nalishidan chiqib Stadium bekatida tushsangiz shundoqqina stadionning yonginasidan chiqasiz. Shuningdek stadion yonida ko'plab arab davlatlarida mashhur bo'lgan Lulu gipermarketi joylashgan bo'lib, u yerdan o'zingiz istagan xaridlarni ham amalga oshirishingiz mumkin bo'ladi.



Rashid stadioni 1948 yilda qurilgan bo'lib, Dubayning Shabab Al Ahli jamoasi uy o'yinlarini o'tkazadigan stadion hisoblanadi.

OFK mutassaddilari Osiyo Kubogi-2019 uchun bu stadionni tanlashganda, mezbonlar bu stadionni buziladi deyishgan ekan. Lekin OFK mutaxassislariga stadion maqul bo'lgani sababli, buzish biroz keyinroqqa surildi. OFK talabiga  binoan stadionda o'zgarishlar amalga oshirilgan. Xususan stadionning har ikki darvozalari ortidagi tribunalar qo'shimcha, vaqtinchalik o'rindiqlar o'rnatilib, stadion sig'imi 12 000 tomoshabingacha oshirildi.



Shuningdek stadion ro'parasida joylashgan Lulu gipermarketiga telekameralar nigohi tushib qolmasligi uchun, mahsus, vaqtinchalik konstrukciya barpo qilingan. Bunga gipermarket bilan reklama shartnomasi yo'qligi sabab bo'lgan. Stadionga borgan muxlislar, yuqori martabali (VIP) mehmonlar  va OAV xodimlari uchun sharoitlar a'lo darajada ekanligiga guvoh bo'lishdi. Ochig'i biz bu stadionni havas qildik. Mo'jazgina stadion jahon standartlari talabi darajasida Osiyo Kubogi o'yinlarini o'tkazdi.

Afsuski mezbonlarning bizga ma'lum qilishlaricha endi Rashid stadioni buzilib o'rniga, hashamatli savdo markazi qurilar ekan.

Nima ham deymiz, terma jamoamiz yirik hisobda g'alaba qozongan va biz uchun qadrdon bo'lib qolgan stadion bilan xayrlashamiz.

Balki arablarning fikri o'zgarib, stadionni buzishmas...



Akramjon Mamadaliev, Dubaydan mahsus.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia