

JCH-2014 saralash 4-bosqich A guruhi 9-tur uchrashuvlari doirasidagi Janubiy Koreya va O'zbekiston milliy terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv arafasida terma jamoalarning menejerlari o'rtasida miting bo'lib o'tdi.
Mitingda terma jamoalar bo'lajak uchrashuvda qaysi rangdagi liboslarda harakat qilishlari ma'lum bo'ldi. Shunday qilib, Janubiy Koreya milliy terma jamoasi seshanba kuni ananaviy qizil futbolka va ko'k shortlarda harakat qilsa, O'zbekiston milliy terma jamoasi to'liq oq liboslarda to'p suradi.
10 iyun kuni, shuningdek, boshqa bir qator o'yinoldi tadbirlar ham bo'lib o'tadi. Jumladan, Toshkent vaqti bilan 14:30da (Seul vaqti bilan 18:30da) O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirokida o'yinoldi matbuot anjumani o'tkaziladi. Matbuot anjumani yakuniga etganidan so'ng, Toshkent vaqti bilan 15:00da (Seul vaqti bilan 19:00da) Seoul World Cup stadionida O'zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari rasmiy o'yinoldi mashg'ulotlarini o'tkazishadi.
Eslatib o'tamiz, Janubiy Koreya va O'zbekiston milliy terma jamoalari o'rtasidagi JCH-2014 saralash uchrashuvi 11 iyun, seshanba kuni 16:00da boshlanadi.


