O'zbekiston milliy terma jamoasida faoliyat yuritib kelayotgan avstraliyalik murabbiy Mirko Yyelichich haqida

Narzulla Saydullayev
17 may 2020, 07:00
Kecha O'zbekiston milliy terma jamoasining jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiyi Mirko Yyelichich tavallud kunini nishonladi. Avstraliyalik mutaxassis 55 yoshni qarshi oldi.

Yurtimizga kelguniga qadar Yangi Zelandiya, Malayziya, Xitoy terma jamoasidagi faoliyati bilan ko'pchilikka tanish bo'lgan. 2002 yil chin o'lkasida Bora Milutinovichga yaqindan ko'maklashadi. 2005 yilda milliy terma jamoamizga kelgan Yyelichichning O'zbekistondagi sarguzashtlari boshlanadi. Bir vaqtning o'zida “Paxtakor”da ham futbolchilarga jismoniy jihatdan ustozlik qiladi. Ma'lumotlarga qaraganda, u yoshligida Avstraliya ko'chalarida baykerlar bilan do'st tutingan, o'zi ham motociklda uchishni yaxshi ko'rgan. Kunlarning birida Mirko motocikli bilan falokatga uchraydi va og'ir jarohatga yo'liqadi. Qiyin va bitishi kechikib borayotgan jarohatini o'zi davolashga majbur bo'ladi. Shundan so'ng bir qator klublarda fizioterapevt bo'lib ishlaydi. 2007 yil Rauf Inileev boshchiligidagi terma jamoamiz to'rt mamlakatda o'tkazilgan Osiyo kubogida yaxshi o'yin namoyish qilgandi. O'shanda o'yinchilarni jismoniy tomonlama tayyorlash Yyelichichning zimmasiga yuklatilgani, turnirga u ham olib ketilganini kichik yoshdagi muxlislar bilmas kerak. 2009 yilda esa Marat Kabaev ustozligidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasidan taklif oldi va bo'lajak o'yinlarda Kabaevga yordamlashdi. 2009-2011 yillar oralig'ida esa Mirjalol Qosimov va Vadim Abramovning shtabida o'z lavozimida ishni davom ettirdi.



2015 yilda Toshkentning “Lokomotiv” klubi chempionlik uchun kurashda “Paxtakor”ga imkoniyatni boy berib qo'yadi va “Qo'qon-1912” bilan qayd etilgan 2:2 hisobidagi durangdan so'ng Vadim Abramov iste'foga chiqariladi. Mavsumdagi qolgan uchrashuvlarni esa jamoa Yyelichich boshchiligida oxiriga etkazadi. 2016 yildan e'tiboran esa rasman “temiryo'lchilar”ning ustoziga aylandi. Aytish joizki, mutaxassis Andrey Miklyaev bilan hamjihatlikda shu yili ko'plab yutuqlarga erishadi. O'zbekiston chempionati va kubogida bosh sovrinni hech kimga bermaydi, OCHLda esa yarim final ostonasigacha yetib boradi. Keyingi yillarda ham u klubning ichki chempionatda sovrinlarga ega chiqishida katta hissa qo'shadi. O'tgan mavsumning ikkinchi davrasida Samvel Babayan bosh murabbiy bo'lgach aksariyat murabbiylar qatori u ham ketishga qaror qildi. Murabbiy uzoq vaqt ishsiz qolmadi va oktyabr oyida yangilangan O'zbekiston terma jamoasiga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha mas'ul etib tayinlandi.

Saytimiz ijodkorlari nomidan termamiz murabbiyini o'tgan tug'ilgan kuni bilan tabriklab, eng yaxshi tilaklarimizni bildirib qolamiz.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia