

PFL qaroriga ko'ra, 1/8 finalning barcha o'yinlari tabiiy maydonlarda o'tkaziladi. Mazkur bosqichga yetib kelgan klublar ichida faqatgina “UzDongJu”ning uy stadionining maydoni sun'iy qoplamalidir. Aytish kerak, “bo'yoqchilar” O'zbekiston Birinchiligida raqiblarini Andijonning Sho'rbuloq dahasidagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatning sun'iy qoplamali maydonida qabul qiladi. O'zbekiston Kubogining 1/16 final doirasidagi “Sho'rtan”ga qarshi o'yin ham aynan shu stadionda bo'lib o'tdi. “UzDongJu” 1/8 finalda “Lokomotiv” bilan hisob-kitob qiladi. O'yin 26 martga belgilangan va birinchi o'yinda “bo'yoqchilar” mezbon. Takidlaganimizdek, PFL talabiga ko'ra, mazkur uchrashuv sun'iy qoplamali maydonda o'tkazilmaydi. Yodingizda bo'lsa, PFL o'tgan yili ham 1/8 finalga chiqqan “Obod”, “Oq-tepa”, “Paxtakor-2” klublariga shunday talab qo'ygandi.
PFLning bu talabi Reglamentga asoslanmagan. Chunki PFLning 2016 yil uchun ishlab chiqqan Reglamentida O'zbekiston Kubogi musobaqasi uchun alohida bo'lim ajratilgan bo'lsa-da, uchrashuvlar tabiiy qoplamali maydonda o'tkazilishi shart degan band yo'q. Bunday band o'tgan yili ham bo'lmagan edi. Ma'lum bo'lishicha, tez orada Reglamentning aynan O'zbekiston Kubogi uchun ajratilgan bo'limiga shunday band kiritiladi va klublar ogohlantiriladi. Anig'i shuki, “UzDongJu” “Lokomotiv”ga qarshi o'yin uchun o'ziga boshqa stadion topishga majbur.



