

Bugun tunda yashil maydonda to'qnashadigan ushbu jamoalar tarixiga nazar tashlasak, muxlislar yodida umrbod muhrlanib qolgan, hatto bir transfer taqdirini keskin o'zgartirib yuborgan mashhur voqea yodga tushadi.
Bu voqea 2004 yilning avgust oysida, Shvetsiya va Niderlandiya terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvida sodir bo'lgan. O'sha paytda Amstyerdamning "Ayaks" klubida ikki nafar yosh, o'ta iqtidorli va ambiciyali yulduz to'p tepardi: jamoa sardori, niderlandiyalik Rafael van der Vart va shvetsiyalik hujumchi Zlatan Ibragimovich. Klubdoshlar xalqaro maydonda bir-biriga qarshi saf tortishadi.
O'yin davomida Zlatan Ibragimovich to'p uchun kurashda bir nechta raqiblarini aldab o'tishga harakat qiladi. Oxirgi pallada u to'pni o'zida saqlab qolish uchun keskin harakat qilganda, kutilmaganda van der Vartning to'pig'ini qattiq bosib oladi. Natijada Niderlandiya terma jamoasi sardori jiddiy jarohat olib, maydonni erta tark etishga majbur bo'ladi.
O'yindan so'ng van der Vart OAVga bergan intervyusida Zlatan Ibragimovich unga ataylab, qasddan jarohat etkazganini davo qiladi. Bu bayonot Niderlandiya matbuotida katta shov-shuvga sabab bo'ladi va mahalliy muxlislar shved hujumchisini qattiq tanqid qila boshlashadi.
"Ayaks" bazasiga qaytgach, jamoa bosh murabbiyi Ronald Kuman ikki futbolchini bir stol atrofiga yig'ib, muammoni hal qilmoqchi bo'ladi. Biroq van der Vart o'z ayblovidan qaytmaydi. Bundan g'azablangan Zlatan Ibragimovich unga qarata: "Men seni ataylab jarohatlaganim yo'q va sen buni yaxshi bilasan. Agar yana bir marta matbuotda meni ayblasang, ikkala oyog'ingni ham sindiraman, mana bunisi esa ataylab bo'ladi", – deya ochiqchasiga tahdid qiladi.

Jamoa ichidagi muhit butunlay buziladi, futbolchilar ikki guruhga bo'linib ketishadi. Klub rahbariyati vaziyatni o'nglashning yagona yo'li – ulardan birini sotib yuborish deb hisoblaydi. Natijada, transfer oynasi yopilishiga sanoqli kunlar qolganda, Zlatan Ibragimovich tezkorlik bilan Turinning "Yuventus" klubiga sotib yuboriladi.
"Yuventus"ga o'tishidan bir necha kun oldin, Zlatan "Breda" jamoasiga qarshi o'yinda maydonga tushadi. O'sha uchrashuvda u raqibning deyarli butun jamoasini (besh-olti nafar futbolchini) aldab o'tib, faoliyatidagi eng chiroyli gollardan birini uradi. Van der Vart esa o'sha paytda stadion VIP-lojasida jarohati sababli o'yinni kuzatib o'tirgan edi. Kamera Zlatanning golidan so'ng van der Vartning norozi va mayus yuzini tasvirga olgan va bu kadr futbol tarixiga kirgan.
Mana shu janjal sabab Zlatan Ibragimovich Italiya A Seriyasiga yo'l olgan va u yerda jahon darajasidagi afsonaga aylanish yo'lini boshlagan edi. Oradan yillar o'tgan bo'lsa-da, Niderlandiya va Shvetsiya to'qnashuvlari doimo mana shunday shiddatli va hissiyotlarga boy xotiralarni uyg'otadi. Bugun tunda bo'lib o'tadigan JCH-2026 guruh bosqichi 2-tur bahsi ham ushbu ikki mamlakat futbol maktablari o'rtasidagi navbatdagi ayovsiz va tarixiy kurashning yangi sahifasini ochib berishi shubhasiz.
O'tmishga nazar. Marokash ishtirokidagi o'yinda jarohat olib, maydonni tark etgan Ilgiz Tantashev
O'tmishga nazar. Urugvayga qarshi o'yinga qanoti yongan samolyotda yetib borgan Saudiya Arabistoni
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



