Ota izidan borgan Shahboz Erkinovni tabriklaymiz

Aslanov Jasurbek
16 iyul 2020, 12:27
Bugun "Bunyodkor" jamoasi hujumchisi Shahboz Erkinov tavallud kunini nishonlamoqda.

Bugun, 16 iyul kuni tajribali hujumchi, Gennadiy Krasnickiy nomidagi O'zbekiston to'purarlari klubi a'zosi, futbolchilar sulolasi davomchisi Shahboz Erkinov 34 yoshga to'ldi. Qahramonimiz yaqin o'tmishning taniqli futbolchilaridan bo'lgan Furqat Esonboevning farzandi hisoblanadi va tabiiyki, yosh Shahboz boshqa kasbni tanlay olmasdi. Millionlar o'yiniga bo'lgan qiziqish unga qondan o'tgan.  

"Otam nafaqat ilk muxlisim, balki birinchi murabbiyim hamdirlar. Ham hayotda, ham futbolda otamga o'xshashga harakat qilganman. Siz aytgandek, ular mening birinchi muxlisim va tanqidchimlar. Har bir uchrashuvdan so'ng o'yinimni tahlil qilib beradilar. Qayerda xatoga yo'l qo'ydim, qaysi vaziyatda noto'g'ri harakat qildim, hamma-hammasini aytadilar. Nafaqat aytadilar, balki keyinchalik bu xatolarni takrorlamaslik uchun nimalarga e'tibor berishimni ham uqtiradilar. Ma'lum sabablar bilan o'yinimni ko'ra olmasalar, o'sha uchrashuv yozilgan diskni olib kelib bermaganumcha tinch qo'ymaydilar. Bir so'z bilan aytganda, o'rtamizda hamisha futbol muhokamasi, munozara va tahlili bo'lib kelgan",- deydi u o'z intervyularini birida

Shahboz Erkinov futbolchilik faoliyati davomida "Paxtakor", "Navbahor", "So'g'diyona", "Nasaf", "Buxoro", "Sho'rtan", "Olmaliq", "PAS" (Eron) jamoalari sharafini himoya qilgan. Joriy mavsumda "Bunyodkor" klubi safida o'ynayapti va jamoaning g'alabalarida munosib hissa qo'shib kelmoqda. 2016 yili "Nasaf"da o'ynab yurgan kezlari faoliyati davomida kiritgan gollari soni 100taga etgandi. O'shanda unga shonli "Paxtakor" jamoasining afonasi To'lagan Isoqov "Gennadiy Krasnickiy klubi"ga qabul qilingani haqidagi sovrinni topshirgan edi. 


Saytimiz xodimlari nomidan Shahboz Erkinovga sog'lik va salomatlik, faoliyatida ulkan zafarlar tilab qolamiz. Joriy mavsumda va bo'lg'usida "Bunyodkor" jamoasi bilan ko'plab sovrinlarga ega chiqishiga tilakdoshmiz. Tug'ilgan kun muborak Shahboz Erkinov!

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia