Oston O'runov Rossiyaning boshqa klubiga o'tishga yaqin

Narzulla Saydullayev
4 avg 2022
"Spartak" klubining o'zbekistonlik yarim himoyachisi Oston O'runov yozgi transfer oynasi vaqtida baribir boshqa jamoaga o'tadigan ko'rinadi.

Championat.Asia ma'lumotiga ko'ra, Ostonga Rossiya premer-ligasi ishtirokchisi "Ximki" klubi jiddiy qiziqmoqda, ammo ikkita muammo bor.

Birinchidan, O'runov maoshining kamayishiga rozi bo'lmayapti. Katta ehtimol bilan "Spartak" futbolchini ijaraga beradi va uning maoshining bir qismini o'zi to'lab boradi.

Ikkinchidan, "Ximki"ga yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha taqiq qo'yilgan. Barchasiga futbolchi Aleksandr Dolgov oldidagi qarzdorlik sabab bo'ldi. "Ximki" vakillari yaqin vaqt ichida bu muammoni hal qilishlarini ma'lum qilishgan.

"Ximki"ga qo'yilgan taqiq olib tashlansa, O'runovni ro'yxatdan o'tkazishi mumkin. Ma'lumot uchun, Rossiya premer-ligasida transfer oynasi bir oydan keyin yopiladi. Ayni paytda "Ximki"da sobiq futbolchi Sergey Yuran bosh murabbiy hisoblanadi.

E'tiborlisi, Sergey Yuran 2020 yil Oston O'runovning yoshi "urilgani"ga shama qilgan va keyin RFI tomonidan jarimaga tortilgandi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia