Osiyo Kubogi. Qatarlik jurnalist: "Xitoy oddiy raqib emas"

14 yanv 2015, 12:20
Bugun O'zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogining 2-turida Xitoyga qarshi maydonga tushadi.
Ayni paytda stadiondamiz va bu yerda ish qaynamoqda. Jurnalistlar kelishi aslo to'xtayotgani yo'q, albatta, ularning aksariyati xitoyliklar. Tashqarida yomg'ir yaxshigina yog'yapti. Bugun ham o'yin payti yomg'ir yog'adiganga o'xshaydi.

Media-markazda ishlab o'tirsam, oldimga qatarlik jurnalist keldi va o'zini tanishtirdi. "Bein Sports" (avvalgi nomi "Al Jazira")da ishlaydigan telemuxbir Ali Riyah ekan. U o'yin boshlanishiga bir soat qolganida to'g'ridan-to'g'ri efirga chiqishini va shuning uchun O'zbekiston haqida biroz ma'lumot kerakligini aytdi.

"Osiyo Kubogini yoritish uchun bu erga kelganmiz, - deydi hamkasbimiz. - Chempionat o'yinlari beshta shaharda bo'lib o'tayotgan bo'lsa, har bir shaharda kompaniyamizning bittadan muxbiri va operatori ishlayapti. Men Brisbenda faoliyat olib boryapman. Nasib qilsa, finalni ko'rib uyga qaytmoqchiman".

"Bu yerda bo'lib o'tgan Xitoy va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi bahsni ko'rdim. Aytishim mumkinki, Xitoy oddiy jamoa emas. Ularda 10-raqam juda yaxshi futbolchi. Ammo jamoaning hujumni yakunlashda muammosi bor ekan. Saudiya Arabistoni esa unchalik kuchli ko'rinmadi. Lekin bugungi bahsda O'zbekiston g'alaba qozonsa kerak. Hol holda jamoangizni Xitoydan kuchli deb bilaman".

X.Xoliqov
Brisben, Avstraliya.


Manba: championat.asia