

Osiyo futbol konfederatsiyasi 2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligi uchun nomzodlarning yangilangan ro'yxatini taqdim etdi.
Unga ko'ra, Hindiston futbol federatsiyasi ham turnir mezbonligi uchun ariza topshirgan.
Eslatib o'tamiz, qitaning eng nufuzli turnirini qabul qilish uchun Koreya Respublikasi, Indoneziya, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Avstraliya hamda O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iz Respublikasi qo'shma nomzodlari tomonidan taklif yuborilgan.
Osiyo futbol konfederatsiyasining 35-Kongressi oldidan Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida OFK Ijroiya qo'mitasining 6-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Osiyo futbol konfederatsiyasi 2031 yilda bo'lib o'tadigan Osiyo Kubogiga mezbonlik qilish uchun ettita nomzoddan ariza kelib tushgani e'lon qilindi. OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa bu tashabbuslarni turnir tarixidagi eng yuqori ko'rsatkich, deya baholadi.
"Kelib tushgan rekord darajadagi arizalar - bu turnirning nufuzini yana bir bor tasdiqlaydi. OFK Ijroiya qo'mitasi nomidan barcha a'zo assotsiatsiyalarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman", – dedi OFK prezidenti.
Endilikda OFK nomzod assotsiatsiyalar bilan belgilangan vaqt va talablar asosida tanlov hujjatlarini tayyorlash va topshirish jarayonini boshlaydi.



