

Ilk qizil kartochkani 11-turda "Lokomotiv" darvozaboni Mamur Ikromov "Buxoro"ga qarshi o'yinda oldi. 85-daqiqada Ikromov o'z jarima maydoni tashqarisida to'pni qo'li bilan o'ynagani uchun Vadim Agishev tomonidan qizil kartochka bilan "siylangandi". O'sha paytga kelib "Loko" murabbiylari uchta o'zgarishni amalga oshirib bo'lishgandi. Shu bois qolgan vaqtda darvozani himoyachi Islom To'xtaxo'jaev qo'riqlagandi. To'xtaxo'jev 5 daqiqadan ortiq vaqt davomida o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi.


Ikkinchi davra oldidan "Olmaliq" klubi o'z safiga legioner darvozabonni qo'shib oldi. Valeriy Fomichev 16-turda "Paxtakor" bilan o'yinda o'z debyutini nishonladi. Aytish mumkinki debyut juda omadsiz chiqdi. Uchrashuvning 19-daqiqasida Vladimir Kozakning zarbasini qaytara olmagan posbon 26-daqiqada o'z jarima maydoni ichida Stanislav Andreevni yiqitdi. E'tiborlisi bu uchrashuvda ham Vadim Agishev bosh hakam bo'lgandi. Referi unga qizil kartochka ko'rsatdi va penalti belgiladi. O'yin boshi bo'lgani uchun Igor Shkvirin hisobida o'zgarish mavjud edi. Uning o'rniga maydonga tushgan Umid Xonimqulov penaltini qaytara olmadi. O'yin "Olmaliq"ning 1:2 hisobidagi mag'lubiyati bilan tugagandi.

30-turda "Bunyodkor" va "Qo'qon-1912" o'rtasidagi o'yinda mehmonlar posboni Ruslan Matniyozov maydondan chetlatildi. 85-daqiqada o'z jarima maydonini tark etib Dostonbek Hamdamovni yiqitgani uchun Dmitriy Pislegin Matniyozovga qizil kartochka ko'rsatdi. O'zgarishlar qolmagani bois darvozani "Qo'qon-1912" himoyachisi Igor Golban egalladi. Qizig'i bu vaqtga kelib "Bunyodkor" 5:0 hisobida oldinda borayotgandi, Golban darvozaga turgach "qaldirg'ochlar" gol ura olishmadi.


Narzulla Saydullaev



