Oliy liga 7-tur statistikasi

Narzulla Saydullayev
7 may 2013, 13:01
3-5 may kunlari oliy ligada 7-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Odatdagidek tur statistikasini e'tiboringizga havola qilamiz.
Turning 7ta uchrashuvida jami 26ta gol urildi. Har bir o'yinga o'rtacha 3,71tadan gol to'g'ri keladi. Takidlash lozimki, hozircha aynan mana shu tur eng ko'p gol urilgan tur bo'lib turibdi. Sababi bungacha 1-turda 21ta gol urilgandi. Sermahsullik natijasi 7-turda yanada oshirildi.

7-turdagi 7ta o'yindan 5tasida maydon egalari g'alaba qozonishdi. Turning dastlabki uchrashuvida “Lokomotiv” Samarqandning “Dinamo” klubini 3:1 hisobida taslim qildi. Uchrashuvda To'lqin Mirzaev hisobni ochganiga qaramay maydon egalari yakunda irodali g'alabaga erishishdi. Farhod Tojiev dublga erishgan bo'lsa, yana bitta golni Ivan Nagaev mehmonlar darvozasiga urdi. “Guliston” o'z uyida “Sho'rtan”ni mag'lub etdi. Robbim Hasanov va Bobur Akbarovning gollariga g'uzorliklar faqat bir marta Obid Jo'raboevning goli bilan javob berishdi – 2:1.

Qarshida “Metallurg” “Nasaf”ga etarli qarshilik ko'rsata olgani yo'q. 1-daqiqadayo Allaniyozov hisobni ochdi. 36 va 38-daqiqalarda Ilhom Yunusov va Shohruh Gadoev ketma-ket ikkita gol urishdi. Birinchi bo'lim so'nggida bekobodliklar hujumchisi Shaxzodbek Nurmatov tomonidan urilgan gol yakunda uchrashuvda so'nggi gol bo'lib chiqdi – 3:1. Oliy liganing dastlabki 6ta turida umuman ochko ololmagan “Qizilqum” nihoyat 7-turda g'alaba qozondi. Zarafshonga “Neftchi” tashrif buyurdi. Farg'onaliklar futbolchisi Sherzod Hakimov o'yinda hisobni ochdi. Shundan so'ng “Lokomotiv” – “Dinamo” uchrashuvi ssenariysi takrorlandi. Yannis Mandzukas dublga erishdi, Fayzullo Qambarov o'yinga yakuniy nuqtani qo'ydi – 3:1.

OCHL 1/8 finaliga chiqqan “Bunyodkor” o'z maydonida “Buxoro”ni yirik hisobda taslim qildi. Qosimov shogirdlari o'yinning dastlabki bo'limidayoq barcha masalani hal qilishdi. Lutfulla To'raev, Oleg Zoteev bittadan gol urishgan bo'lsa, ukrainalik hujumchi Oleksandr Pishur dubl qayd etdi – 4:0.

Bu turda bitta durang natijasi qayd etildi. Zomindagi stadionda bo'lib o'tgan bahsda liga debyutanti “So'g'diyona” Toshkentning “Paxtakor” klubi bilan durang o'ynadi. O'yinda hisob ochilgani yo'q – 0:0.

Mehmonda faqat “Navbahor” muvaffaqiyatga erishdi. Namanganliklar Olmaliqda kechgan qiziqarli o'yinda uch ochkoga ega bo'lishdi. 7ta gol urilgan o'yinda maydon egalari safida Shaxboz Erkinov, Diyor Turopov va Evgeniy Gogol o'zlarini ko'rsatishdi. “Lochinlar” safida esa ikkita futbolchi o'zini ko'rsatdi. Sababi Akrom Baxriddinov va Ro'zimboy Ahmedov dubl rasmiylashtirishdi – 3:4.

7-turda umuman penalti belgilanmadi. Bu turga qadar jami 10 ta penalti belgilangan va 9tasi golga aylantirilgan edi.

Turning 7ta uchrashuvida hakamlar tomonidan 17ta sariq kartochka ko'rsatildi. Bu har bir o'yinda 2,43tadan sariq kartochka ko'rsatildi deganidir. “Qizilqum” – “Neftchi” o'yinida eng ko'p ogohlantirish ko'satildi – 5 ta. “Lokomotiv” – “Dinamo” uchrashuvida bosh hakam futbolchilarga umuman kartochka ko'rsatmagani e'tiborga molik. 7-turda bironta futbolchi qizil kartochka sabab maydondan chetlatilgani yo'q.

 7-turda bitta yirik hisob qayd etildi. Yuqorida aytib o'ganimizdek “Bunyodkor” o'z uyida “Buxoro” darvozasiga javobsiz to'rtta to'p kiritdi. Bu bilan “qaldirg'ochlar” mavsumdagi 5-yirik g'alabani qo'lga kiritishdi. “Buxoro” esa ikkinchi marta yirik hisobda taslim bo'ldi.

Ushbu turda 5ta futbolchi dublga erishdi. Chempionat to'purari Farhod Tojiev “Dinamo”ga qarshi kechgan o'yinda o'zining mavsumdagi to'rtinchi xet-trigini rasmiylashtirdi. “Qizilqum” yarim himoyachisi Yannis Mandzukas “Neftchi” darvozasiga har bo'limda bittadan gol urishga muvaffaq bo'ldi. “Navbahor”ning bir yo'la ikki futbolchisi Akrom Baxriddinov va Ro'zimboy Ahmedov “Olmaliq”qa qarshi kechgan bahsda ikkitadan gol urishdi. Ukrainalik hujumichi Oleksandr Pishur “Bunyodkor” tarkibida o'tgan turda ham dublga erishgandi. 7-turda uning ikkita goli “Buxoro” darvozasidan o'rin oldi.

7-turning 7ta uchrashuvini kuzatish uchun stadionlarga jami 35705 nafar tomoshabin tashrif buyudi. Bu har bir o'yinga o'rta hisobda 5101 nafar tomoshabin keldi deganidir. Turning eng ko'p tomoshabini “Guliston” – “Sho'rtan” uchrashuviga keldi – 8751. Eng kam tomoshabin esa “Bunyodkor” – “Buxoro” bahsiga tashrif buyurgan. Ushbu o'yinni ko'rish uchun “Bunyodkor” stadioniga 3162 nafar tomoshabin keldi.

Narzulla SaydullayevMuallif