OKMK nazorat uchrashuvida Qirg'iziston klubini yirik hisobda engdi

Iskandarov Abdulaziz
17 iyul 2025
Davralar orasidagi tanaffusdan samarali foydalanishni maqsad qilgan "konchilar" 16 iyul kuni Olmaliqda qo'shni Qirg'iz Respublikasi vakili - "Ozgon" jamoasiga qarshi yopiq eshiklar ortida nazorat uchrashuvi o'tkazdi.

O'yinning ilk daqiqalaridanoq hujumkor o'yin namoyish etgan OKMK FK bir necha bor raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratdi va bu ustunlikni gollarga aylantirdi. Mehmonlar ham qarshi hujumlarda faol harakat qildilar, biroq maydondagi tashabbusni to'liq egallagan "konchilar"ning ishonchli o'yini hal qiluvchi omil bo'ldi.

Bellashuv o'ziga xos tarzda - har biri 30 daqiqadan iborat to'rt taymda o'tkazildi. Gollarga boy kechgan bahsda OKMK jamoasi raqib darvozasini 6 marotaba ishg'ol qildi. Qirg'izistonlik mehmonlar esa faqat bir gol bilan javob qaytardilar.

 Nazorat uchrashuvi
16 iyul
OKMK sport majmuasi stadioni
OKMK - "Ozgon" 6:1

Gollar: Asad Sobirjonov (14), Arihiro Sentoku (25), Ali Abdurahmonov (27, 42), Xurshid G'iyosov (37), Georgiy Papava (93).


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: ОКМК матбуот хизмати