OCHL so'rovnomasi tugadi: Teymuryan birinchi, Aliboev ikkinchi

Xayrulla Xoliqov
7 apr 2019, 14:00
OFK saytida OCHL tarixidagi eng chiroyli golni aniqlash uchun o'tkazilgan so'rovnoma o'z yakuniga etdi.

O'ziga yarasha qiziq kechgan so'rovnomada hamyurtimiz Ikrom Aliboevning o'tgan yil "Loko" tarkibida "Al Vahda"ga urgan goli eng yaxshi bo'lishga da'vogarlik qildi. Ko'p sonli muxlislar ovoz berishi natijasida Aliboev finalga qadar yetib keldi. 

Finalda u eronlik Andranik Teymuryan bilan bahs olib bordi. 3 kun ichida 165 mingga yaqin muxlis o'z ovozlarini berishdi va yakunda Andranik Teymuryan 77 foiz bilan birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Ikrom Aliboevning qariyb maydon markazidan kiritgan goli esa OCHL tarixidagi eng chiroyli gollar orasida ikkinchi o'rinni egalladi. 

Aytish mumkinki, Ikrom Aliboevning goli birinchi bo'lishga haqli edi, biroq raqib eronlik bo'lganidan keyin g'olib chiqish nihoyatda imkonsiz. Chunki Osiyoda ovoz berish bo'yicha eronlik va vetnamliklarga etadigani yo'q. Ushbu so'rovnomada Teymuryanga 127 ming 451 kishi ovoz berdi. Ikromga esa 37 ming 196 muxlis ovoz bergan. 

Shunga qaramay Aliboevni ikkinchi o'rin bilan tabriklab qolamiz va keyingi faoliyatida yanada chiroyli gollar urishini tilaymiz. Unga ovoz berganlarga esa rahmat aytamiz. 

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: the-afc.com