Noxush ananamiz tugaydigan kun...

Tolibjon Qosimov
21 noya 2023
Bugun JCH-2026 hamda OK-2027 qo'shma saralash bosqichi "E" guruhida 2-tur doirasida O'zbekiston terma jamoasi Eronni qabul qiladi.

18:00da start oladigan bahsga "Bunyodkor" stadioni mezbonlik qiladi.

Forslarga qarshi uydagi o'yinlarda qora ananamiz bor. Shu kungacha biror marta o'z maydonimizda bugungi raqibni engmaganmiz va bor yo'g'i bir marotaba gol urganmiz xolos. Bu juda yomon statistika. Afsuski, shunday.

Srechko Katanets boshchiligidagi terma jamoamiz 5 kun oldin Turkmanistonga qarshi yaroqsiz suniy maydonda qiyin vaziyatdan chiqib ketishdi. Terma jamoa ko'rsatgan xarakter bugungi o'yinga ijobiy nigoh bilan qarashga undamoqda. Turkmanlarga qarshi bellashuvda gol o'tkazib yuborganimizdan keyin negadir futbolchilar "uxlab qolishdi". Go'yoki ular o'yindan uzilib qolgandek tasavvur paydo bo'ldi. Yaxshi ham o'sha kuni 1-bo'lim tugab qoldi va tanaffusdan so'ng yigitlar o'zlariga kelib olishdi. O'sha kungi o'tkazilgan goldan keyingi 4 daqiqa Katanets uchun katta foyda keltirishi mumkin. Chunki, murabbiy Erondek xatolarni kechirmaydigan jamoaga qarshi o'yin oldidan har qanday kamchilikni rasmiy o'yinda ko'rib olgani muhim.

Shomurodov va Shukurov avvalgi o'yinda haqiqiy yetakchilikni ko'rsatishgandi. Bugun ham ulardan o'shanday xarakter kutamiz. Bundan tashqari, Turkmanistonga qarshi bellashuvda Abbosbek Fayzullaevning tushishi ham o'yinimizni kuchaytirgandi. Rossiyada ko'pchilikning yoqimtoyiga aylanib ulgurgan Abbosbekdan bugun ham ko'p narsa kutyapman.


Eron qanday vaziyatda bo'lishidan qati nazar doim bizni qiyin ahvolda qoldirib ketgan. Eron deganda ko'pchilikning ko'z oldiga yomon xotiralar keladi. Lekin, bugun shaxsan o'zim terma jamoamiz nihoyat forslarni uyda mag'lub etadi deb o'ylayapman. Shunga ishonyapman. Terma jamoamiz hozir Eronni taslim etishga qodirdek ko'rinmoqda. Katanets MTJni katta o'yinlarga tayyorlay olgan deb o'ylayman. Balki bugun chiroyli va hujumkor o'yin ko'rmasmiz. Lekin, bosh murabbiy natija uchun o'ynashni qoyillatishiga ishonyapman. Bugun 3 markaziy himoyachili qo'rg'onimiz o'zini ko'rsatishiga va raqibga imkon bermasligiga ishonyapman.

Nasib qilsa bugun 18:00 da "Bunyodkor" stadionida ko'rishamiz. Futbolchilarimizga g'alaba yor bo'lishini tilab qolamiz! Olg'a, O'zbekiston!


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia