"Nasaf"da qishki "perezagruzka": Berdiev jamoasi yangi mavsumga qay darajada tayyor?

Iskandarov Abdulaziz
6 fev 2026, 09:59
Qarshining "Nasaf" jamoasi 9 fevral kuni Farg'ona shahrida Elit OCHL bahslari doirasida Iroqning "Al Shorta" klubiga qarshi maydonga tushadi.

Ushbu uchrashuv nafaqat xalqaro musobaqadagi navbatdagi bellashuv, balki o'zbek klublari uchun yangi futbol mavsumining ramziy start nuqtasi ham hisoblanadi.

"Ajdarlar" yangi yilni deyarli yangilangan tarkib va tabiiy avlodlar almashinuvi jarayoni bilan boshlamoqda. Quyida jamoaning tayyorgarligi, tarkibdagi o'zgarishlar va istiqbollari haqida tahliliy mulohazalarni taqdim etamiz.

Tayyorgarlik: Antaliyada 2 xafta yig'in

"Nasaf" yangi mavsumga tayyorgarlikni ananaviy tarzda Turkiyaning Antaliya shahrida o'tkazdi. Ikki haftalik yig'in davomida jamoa 8 ta nazorat uchrashuvida ishtirok etdi. Bu o'yinlar natijalari bir qarashda barqaror emasdek tuyulishi mumkin, ammo Berdiev odatdagidek yig'inni natijadan ko'ra eksperiment va turli tarkibni tajriba sifatida ishlatgani ko'rinib turibdi.

Nazorat uchrashuvlari natijalari:

"Nasaf" - "Cvikkau" (Germaniya) 1:6

"Nasaf" - "Radnichki Nish" (Serbiya) 3:0

"Nasaf" - "Radnichki 1923" (Serbiya) 2:3

"Nasaf" - "Yavor Ivanca" (Serbiya) 0:1

"Nasaf" - "Medz Legnica" (Polsha) 1:1

"Nasaf" - "Enisey" (Rossiya) 1:6

"Nasaf" - "Irtish" (Qozog'iston) 3:1

"Nasaf" - "Arsenal Tula" (Rossiya) 1:0

Yirik hisobdagi ikki mag'lubiyatda turli ekspirimentlar sinab ko'rildi. Yig'in davomida yosh futbolchilarga keng imkoniyat berilganini ham unutmaslik lozim. Berdiev shu tariqa yangi mavsumga jamoasini tayyorladi.

Yetakchilar ketishi: 

Qishki transferlar oynasi "Nasaf" uchun biroz og'riqli kechdi. Jamoa bir qator yetakchi va tajribali futbolchilar bilan xayrlashdi: Igor Golban, Dragan Cheran, Suhrob Nurulloev, Sherzod Nasrullaev, Javohir Sidiqov, Oybek Bozorov, Shuhrat Muhammadiev va Oleksandr Vorobey.

Ayniqsa Nasrullaev va Bozorov jamoaning taktik va psixologik ustuni hisoblanardi. Ularning ketishi "Nasaf" o'yinidagi balansga jiddiy ta’sir ko'rsatishi yoki ko'rsatmasligini mavsumda bilib olamiz.

Ularning o'rnini quyidagi futbolchilar to'ldirdi: Oybek Rustamov, Bobir Abdixoliqo, Akrom Komilov, Samandar Murodboev

Abdixoliqovning jamoaga qo'shilishi ayniqsa muhim transferlardan biri hisoblanadi. Norchaev jarohat olgan vaziyatda u hujum chizig'idagi muammoni kamaytiradi. Agar Husayn to'liq safga qaytsa, "Nasaf" hujumi ancha kuchli va keskin ko'rinishga keladi.

Darvoza chizig'ida Murodboev Ne'matovga raqobat tug'dirishi kutilmoqda. Bu raqobat jamoaning barqarorligi uchun muhim omil bo'lishi mumkin, chunki Vorobey o'tgan yili bu vazifani uddalay olmadi. Murodboev hali Superligada o'ynamagan va bu yil uning uchun muhim mavsum hisoblanadi. O'z vaqtida Abduvohid ham bu bosqichdan o'tgan. Akrom Komilov esa Nasrullaevning o'rnini to'ldirish kabi juda mas'uliyatli vazifani zimmasiga oladi. Rustamov esa markaziy chiziqda barqarorlik olib kirishi lozim. U Olmaliqda bir necha mavsum barqaror to'p tepdi. Endi buni Qarshida davom ettirishi talab etiladi.

Maqsadlar o'zgarmoqdami?

"Nasaf"da avlodlar almashinuvi jarayoni boshlanyapti. Bu tabiiy va bo'lishi shart jarayon. Biroq bu safar Berdiev uchun vazifa ancha murakkab bo'ladi. Chunki avvalgi yillarda jamoa natijalarni asosan tajribali va shakllangan futbolchilar orqali qo'lga kiritgan edi yani tayyor futbolchilar xizmatidan foydalanilgan.

Bu mavsumda esa vaziyat boshqacha. "Nasaf"ni xalqaro maydonda musobaqasi yo'q. Bor resurs ichki chempionatga yo'naltiriladi. "Al Shorta" va "Sharja"ga qarshi uchrashuvlar ko'proq ramziy ahamiyat kasb etadi. Aynan bor e'tiborni ichki turnirga qaratilishi engillik berishi mumkin. 

Shuningdek, klub harakatlari va transfer siyosati shuni ko'rsatmoqdaki, chempionlik hozircha asosiy maqsad emas. Asosiy vazifa – raqobatbardosh jamoa qurish va kelajak uchun asos tayyorlash.

Bu holat 2017 yildan keyingi davrni eslatadi. O'sha yilni eslasangiz, jamoaning ko'plab futbolchilar mavsum yakunida "Paxtakor"ga ko'chib o'tgan. 2018-2019 yil "ajdarlar" sovrindorlar safiga kira olmadi va 2020 yildan boshlab qaytishni amalga oshirishdi, chunki futbolchilar pishib etilayotgan, o'zining cho'qqisiga chiqayotgandi. Bu o'sish yakunda chempionlik bilan yakunlangandi. Hozirgi "perezagruzka" ham uzoq muddatli muvaffaqiyatga yo'naltirilgan bo'lishi mumkin.

Yoshlar o'zingizni ko'rsating

Yangi mavsum "Nasaf" akademiyasi tarbiyalanuvchilari uchun katta imkoniyat eshigini ochmoqda.

Sardor Bahromov o'tgan mavsumning ikkinchi davrasidan boshlab o'zini asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko'rsata boshladi. Uning barqarorligi va maydondagi ishonchli harakatlari murabbiylar ishonchini qozongan.

Shuningdek: Dilshod Murtozaev, Davronbek Usmonov, Diyor Abdunazarov asta-sekin asosiy jamoa muhitiga kirib kelmoqda. Agar ular imkoniyatdan to'g'ri foydalana olsa, "Nasaf" yaqin yillarda yana yangi yulduzlarni kashf etishi mumkin.

Berdiev oldida eng og'ir savol turibdi: u yana bir bor jamoani qayta qurib, raqobatbardosh darajaga olib chiqa oladimi? Tarix shuni ko'rsatadiki, u bunday vazifalarni bajara olgan. Ammo vaqt o'zgargan, ligada raqobat kuchaygan, qolgan klublar moliyaviy va selekcion jihatdan ancha faollashgan.

Rahbariyat va homiyllar qo'llab-quvvatlovi ham muhim

"Nasaf" hozirgi paytda natijadan ko'ra jarayon bosqichida turibdi. Berdiev yana bir bor yaxshi jamoa qurish vazifasiga qo'l urmoqda. Bu bosqichda yana bir jihat rahbariyat va homiylarning qo'llab-quvvatlovi ham muhim hisoblanadi, chunki atrofda yoqimsiz mish-mishlar yo'q emas. Har holda shamol bo'lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Bir narsa aniq: agar "Nasaf" bu jarayondan to'g'ri o'ta olsa, keyingi bir necha yilda yana O'zbekiston futbolida hal qiluvchi kuchga aylanishi mumkin. 

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia