Muxtor Qurbonov: “G'uzordagi birinchi uchrashuvda hayajon bo'ldi”

Narzulla Saydullayev
22 mar 2015, 20:30
“Sho'rtan” va “So'g'diyona” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiy quyidagi fikrlarni bildirib o'tdi:
-   Garchi, mavsumning ikkinchi turi bo'lsa-da, o'z muxlislarimiz - g'uzorliklar oldida birinchi uchrashuvda maydonga tushganligimiz uchun yigitlarda biroz hayajon sezildi. Shuning uchun o'yinning dastlabki daqiqalaridan tashabbusni qo'lga olsak-da va bir nechta xavfli vaziyatlar yaratgan bo'lsak-da, ularni samarali yakunlashda aniqlik yetishmay qolaverdi. Shukrki, hammasi yaxshi yakun topdi. Lekin shu o'rinda takidlashim kerakki, yirik hisobda yutgan bo'lsak-da, g'alaba osonlikcha qo'lga kiritilmadi. Raqibni ham hurmat qilgan holda ularning kuchiga etarlicha baho berish zarur.

-   Siz zaxira kuchlaridan unumli foydalandingiz? Aytingchi, futbolchilarni almashtirishda biror bir holatga e'tibor qilasizmi?

-   Har bir murabbiyning o'yin davomida o'z zaxirasi, siri va yashirin quroli bo'ladi. Albatta, bunday imkoniyatlardan to'g'ri va o'z vaqtida foylanish samara beradi. Bugun ham shunday bo'ldi. G'ulomhaydar G'ulomov maydonga tushishi bilan gol urdi. Viktor Klishin ham golli vaziyatlarni yaratishda faol harakat qildi. Qolaversa, jarohat olgan Rustam A'zamov o'rniga tushgan Laziz Ubaydullaev ham ishonchimizni oqladi.

-   A'zamovning jarohati nechog'li, u qachon safga qaytadi?
-   Hozir bu to'g'risida aniq gap aytish qiyin. Shifokorlar bilan tezlikda maslahatlashib, ularning tashxisiga qarab keyin biror aniq gap aytsak bo'ladi.  


“Sho'rtan” klubi matbuot xizmati


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia