Muhsin Muhammadiev: "Biz uchun har bir o'yin finalga teng"

Narzulla Saydullayev
26 iyun 2020
"Nasaf" va "Buxoro" jamoalari o'rtasida o'tgan bahsdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Muhsin Muhammadiev ishtirok etdi.

"Og'ir o'yin bo'ldi. "Nasaf" yaxshi shakllangan jamoa hisoblanadi. Ular bugun o'yinni nazorat qilishdi va ko'proq havli vaziyatlar yaratishdi. Bizning yigitlarga rahmat aytmoqchiman. Ko'rsatmalarni to'liq bajarishdi.

"Nasaf" Superliga restartiga tayyorgarlikni ancha vaqt olib bordi. Bizda esa bunday sharoit va imkoniyat bo'lgani yo'q. Biz esa ikki hafta qolganda hozirlikni boshlagandik. O'yindan oldin tarkibimizda yo'qotish mavjud edi. Behruz Shodmonov jarohat olib safdan chiqdi.

Yana bir bor shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman. Ular oxirigacha kurashishdi. Safarda bir ochko ishlaganimizdan xursandmiz. Jamoamizdagi legionerlar pandemiya boshlanishidan oldin yurtlariga kyetishgan. Xozirda yetib kela olishmaydi.

O'tgan yili "Nasaf"ni Qarshida yutgan edik. Bu safar durang qayd etdik. Maqsadimiz o'yinimizni kuchaytirish. Biz uchun har bir o'yin final hisoblanadi",- deydi Muhsin Muhammadiev.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia