MLS. 39-tur yakuni. Ibra yana porladi, Karlos Veladan gol

Narzulla Saydullayev
23 sen 2019, 11:45
Shanba kuni, Toshkent vaqti bilan tunda AQSH oliy ligasida navbatdagi tur o'yinlariga start berildi va unda bir qator qiziqarli bahslar bo'lib o'tdi.

San-Xoseliklar Atlanta shahrida mehmon

Bir-biriga o'xshash jamoalar to'qnashuvida vaqtida top-klublarda tajriba orttirgan ko'pchilikka malum va mashhur mutahassis Frank de Bur boshqaruvidagi "Atlanta" bu safar o'z maydonida g'arbiy mintaqa turnir jadvalining ekvatoriga joylashgan "San-Xose"ni qabul qildi. O'yinda hisob mezbonlar tomonidan ochildi. Gol muallifi - Jastin Meram. Shundan so'ng, mehmon jamoa futbolchilari katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va ko'p o'tmay bu o'z samarasini berdi. Bu vaziyatda, Angliya Premer-ligasi o'yinlarida toblangan tajribali kiper Bred Guzan o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi. Biroq, uchrashuvning ohirgi daqiqalarida atlantaliklar Xayndmen va Martinesning kiritgan to'plari evaziga irodali g'alabaga erishdi. Ushbu muvaffaqiyatdan keyin, "Atlanta"ni peshqadamdan 3 ochko ajratib turibdi. "San-Xose"ning esa, sovrinli o'rinlar uchun kurashda imkoniyatlari pasayib ketdi.



Ikki mintaqa autsayderlari to'qnashuvi


G'arbiy zonada so'nggi o'ringa muqim o'rnashib olgan va oldingi turda ketma-ket uchta mag'lubiyatdan keyin yana g'alaba nashidasini surgan "Vankuver" sharqiy mintaqada quyidan bitta pog'ona yuqorida turgan "Kolambus Kryu" maydoniga safar qildi. Anchadan beri ishlari yurishmayotgan klublar o'rtasidagi o'yinda oldiniga Zardes belgilangan 11 metrli jarima zarbasini behato bajardi. Biroq, asosiy vaqtga qo'shib berilgan daqiqalarning so'nggi soniyalarida Montero gol urdi va mehmonlarni mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.



G'arbning mutlaq autsayderi chikagoliklarga qarshi

12-o'rinning doimiy egasiga aylangan va omadsizliklar girdobiga tushib qolgan "Cincinnati" mana uch o'yindirki mag'lub bo'lmoqda. Bu turda, ular o'z maydonlarida uzoq vaqtdan buyon stabil o'yin namoyish etolmayotgan jamoa "Chikago Fayr"ni mehmon qilishdi. To'g'ri, mezbonlarning musobaqani tark etishlari allaqachon aniq bo'lib ulgurgan. Lekin jamoa qolgan uchrashuvlarda muhlislari haqqi-hurmati faqat va faqat g'alabani ko'zlab maydonga tushishi kerak. Yana shuni takidlab o'tish joizki, Chikago shahri klubida ham quyi ligaga tushib ketish xavfi mavjud. O'yinga keladigan bo'lsak, tengma-teng kurashlar ostida kechgan bahsda hisob ochilmadi. Ikkala jamoada ham gol urish uchun bir qator imkoniyatlar yuzaga keldi. Lekin tomonlar vaziyatlardan samarali foydalanishda oqsashdi.



Bir-biriga o'xshash jamoalar uchrashuvi

Muhlis-u mutahassislar orasida "inqilobchilar" nomi bilan mashhur bo'lgan "Nyu-Inglend" o'z uyida g'arbda sovrinli o'rinlar uchun kurashayotgan "Real Solt-Leyk" klubini qabul qildi. Mezbon jamoa ajoyib statistikaga ega. Ular ushbu bahsga qadar, o'tkazilgan 30 o'yinda o'ntadan g'alaba, durang va mag'lubiyat qayd etishgandi. Mehmonlar bo'lsa, musobaqada kamdan-kam sulhga rozi bo'ladigan klublar sirasiga kiradi. Jamoa shu kungacha, bor yo'g'i 4 marta duranga imzo chekkan edi. Xa, durangga moyil bo'lgan va ochko bo'lishishga unchalik xushi yo'q bo'lgan jamoalar to'qnashuvida ham hisob ochilmadi. Natijada, ikkala klubni ham turnir jadvalidagi o'rinlari o'zgarmay qoldi.



Nani jamoasi Xyustonda mehmon


"Orlando Siti" super xaridni amalga oshirganidan keyin yani "Lacio"dan Luish Nanini sotib olganidan beri barqaror o'yin ko'rsatib kelayotgandi. Jamoa so'nggi besh uchrashuvning uchtasida durang qayd etib, qolgan ikkita bahsda g'alaba qozongan edi. Bu turda, Orlando shahri klubi Xstonga safar qildi va kutilmaganda autsayderga yutqazib qo'ydi. 6-daqiqada Duayer tomonidan urilgan golga, mezbonlar ikkinchi bo'limda Elis va Ramiresning gollari bilan javob qaytarishdi. Ohirgi paytlarda, muvaffaqiyatli odimlayotgan va ancha o'ziga kelib olgan "Xyuston Dinamo" muhlislariga ishonch bag'ishladi. Shu tariqa, ular quyidan biroz uzoqlashishga erishishdi.



Jadvalda yonma-yon joylashgan klublar bahsi

So'nggi uchrashuvlarda, dadil odimlayotgan va qatorasiga uch o'yinda g'alaba nashidasini surgan "Sporting Kanzas-Siti" jamoasi o'zidan bir ochko kam jamg'argan Kolorado shahrining shu nom bilan ataluvchi klubiga qarshi o'ynadi. Mehmonlar oldingi tur doirasida "Toronto" maydoniga safar uyushtirib, alamli mag'lubiyatni tan olishgandi. Xa, darhaqiqat bu o'yinda murosasiz o'yin bo'lishi kutilgandi va amalda shunday ham bo'ldi. Avvaliga, mehmonlar Gerso Fernandesning tezkor goli va Smit tomonidan kiritilgan avtogol evaziga hisobda oldinga o'tib olishdi. Lekin, voqealar rivoji ular uchun ayanchli yakun topdi. Kolradoliklar Kamara va Rubiolarning chiroyli gollari bilan muvozanatni tiklashdi. O'yin so'nggida esa, Smit o'z hatosini to'g'irlab, jamoasiga muhim g'alabani taqdim etdi.



Sharq mintaqasi vakili Los-Anjelesga uchdi

Oldingi turda muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtirgan "Los-Anjeles" sharqiy zonada tobora yuqorilab borayotgan va sovrinli o'rinlar uchun nomzod jamoalardan biri bo'lib turgan "Toronto" bilan to'qnash keldi. Mezbonlar uzoq vaqtlik kurashdan so'ng, engil tin oladigan bo'lishdi. Ko'ramiz, buyog'iga oltin medallarni naqd qilgan jamoa ochko ulashish bilan mashg'ul bo'ladimi yoki g'alabali odimini davom ettiradi. Torontoliklarga 3 ochko suv va havodek zarur bo'lgan o'yinda, mehmonlarning yana o'sha koreyalik hujumchisi Endo hisobni ochdi. Biroq, los-anjelesliklar ham o'z muhlislari qarshisida mag'lub bo'lishni istashmadi va Karlos Vela 90-daqiqada yuzaga kelgan penaltidan unumli foydalanib, durang natijani taminladi.



Krkich Zlatanga qarshi

Biz bu turda, "Barselona"ning sobiq futbolchilari to'qnashuviga guvoh bo'lishimiz mukin edi. Tarkibida ko'plab top darajadagi klublarda yuqori saviyada to'p surish orqali millionlab fubol ixlosmandlarining sevimlisiga aylangan Zlatan Ibragimovichi bor "La Gelaksi" o'z maydonida "Monreal"ni qabul qildi. Bu jamoa, o'z vaqtida Ispaniya futbolining bo'lajak yulduzi bo'lishi tahmin qilingan va hozirda avvlgi mavqeyini tiklashni maqsad qilgan Boyan Krkichdek hujumkor o'yinchiga ega. Ammo, noma'lum sabablarga ko'ra ushbu futbolchi hattoki uchrashuv qaydnomasiga ham kiritilmadi. O'yin esa, "La Gelaksi"ning 2:1 hisobidagi g'alabasi bilan tugadi. Ibra o'z nomiga bittadan gol va assistni yozdirib qo'ygan bo'lsa, ikkinchi golga Antuna mualliflik qildi. Bunga, mehmonlardan Lapallaynen kiritgan bitta to'pi bilan javob qaytarishdi.





Yetakchi o'rtamiyonaga qarshi

Sovrinli o'rinlar uchun keskin tarzda kurash olib borayotgan jamoalar to'qnashuvida 43 ochko to'plagan "Portlend Timbers" o'zidan bor yo'g'i 5 ochko ko'p jamg'arib, 5-o'rinni egallab turgan "Minnesota" bilan bahs olib bordi. Tomonlar turdagi navbatdagi nursiz durangni qayd etishdi va medallar uchun kurash "intriga"si yanada kuchaydi.



Dallasga nyu-yorkliklar kelishdi

G'arbiy zonada 2-o'ringa davogar klublardan biri bo'lgan "Dallas" jamoasini shu o'yingacha ushbu pog'onadan 6 ochko ajratib turgan edi. Ular bu turda sharqda yakka hokimligini o'rnatgan Domenek Torrent shogirdlari bilan to'qnash kelishdi. Uchrashuvda jamoalar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishdi. Kastellanosning dastlabki daqiqada urgan goliga Ondrashek ikkinchi bo'limda munosib javob qaytardi. Natijada, "Dallas" yetakchilar bilan oradagi farqni qisqartirib oldi. "Nyu-York Siti" esa, taqibchilarini maksimal darajada yaqinlashishga imkon yaratib berdi.



"Buqalar" Filadelfiyada mehmon bo'lishdi

Uzoq tanaffusdan keyin yana g'alaba sharbatidan totib ko'rgan "Nyu-York Red Bullz" o'z uyida sharqiy mintaqada chempionlik uchun asosiy davogarlardan biri "Filadelfiya" jamoasini qabul qildi. So'nggi vaqtlarda beqaror o'yin namoyish etayotgan jamoalar o'rtasidagi bahsda Nyu-York shahri klubining ishonchli g'alabasi bilan tugadi. Birinchi bo'limda Barlou to'p kiritib, hisobni ochdi va asosiy vaqtga qo'shib berilgan 6-daqiqada avvalgi turda ham gol urgan Royer uchrashuvga mantiqiy nuqtani qo'yib berdi.



G'arb va sharq o'rtasidagi jang

Qishda Angliyaga qaytishi hal etilgan Ueyn Runi jamoasi "Di Si Yunayted" ketma-ket 3 ta o'yinni boy bergandan so'ng, bu turda ular chempionlikdan umidini uzgan "Sietl Saunders"ni o'z maydonlarida mehmon qilishdi. O'yinga keladigan bo'lsak, mezbonlar Rodriges va Briyyanning gollari evaziga 2:0 hisobidagi g'alabani rasmiylashtirishdi. G'arbiy zonada ikkinchi va sakkizinchi o'rinlar oralig'idagi jamoalar juda zich joylashgan. Shunday ekan, mavsum so'nggiga qadar musobaqaga nisbatan bo'lgan qiziqish yo'qolmasligi aniq.



Xondamir Hakimov tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia