Mirko Yyelichich: "Mundialda Avstraliya va O'zbekistonga muxlislik qilaman"

12 iyun 2026, 23:41
Mana, Jahon chempionatini ham boshlab oldik.

Buyog'iga maza qilib o'yinlarni ko'ramiz. Mundial o'z navbatida murabbiylar uchun ham katta voqelik bo'ladi. Negaki murabbiylar asosan o'z hamkasblari ishini kuzatib borishadi.

"Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yyelichich saytimizga bergan intervyusida Jahon chempionatidan nimalar kutayotgani haqida gapirdi, shuningdek boshqa savollarga javob qaytardi.

- Janob Mirko, navbatdagi Jahon chempionati boshlandi. Siz ushbu mundialdan nimalar kutyapsiz?
- Musobaqa juda qiziq bo'ladi deb o'ylayman. Jamoalar soni oshdi, yangi jamoalar ko'paydi. Bu ham qiziqishni oshiradi. Menimcha, murabbiylar tomonidan yangicha metodika va usullar qo'llanilsa kerak. Albatta, murabbiy sifatida men uchun yangiliklarni kuzatish qiziqarli bo'ladi.

- Qaysi jamoalarga muxlislik qilasiz?
- O'z vatanim Avstraliya va albatta O'zbekiston terma jamoasiga. Har ikki jamoa o'zini ko'rsata oladi deb o'ylayman.

- Avstraliya dastlabki uchrashuvni Turkiyaga qarshi o'tkazadi.
- Bu juda qiyin o'yin bo'ladi. Avstraliyaning g'alaba qozonish imkoniyati nisbatan past, baribir turklarda o'yin uslubi yaxshi yo'lga qo'yilgan. Bu o'rinda durang ham biz uchun yaxshi natija bo'ladi.

- O'zbekiston terma jamoasi ilk turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi.
- Bu ham qiyin va qiziq o'yin bo'ladi. Menimcha, O'zbekiston himoyaviy usulni tanlaydi va qarshi hujumlarda harakat qiladi. Menimcha, durang qayd etilsa hech kim xafa bo'lmasa kerak. Baribir yaxshi natijaga umid qilib qolamiz.

- Hozirgi O'zbekiston terma jamoasi haqida fikringiz?
- Futbolchilarni bilamiz, ularni milliy chempionat bahslarida ko'p ko'rganmiz. Endi jahon chempionatida qanday o'yin ko'rsatishi qiziq bo'ladi. Jahon chempionati boshqa daraja, mundialda hamma o'zini ko'rsatishni xohlaydi.

- Avstraliya hozir qanday kuchga ega?
- Oldingi yillar kabi Yevropaning kuchli klublarida o'ynayotgan futbolchilarimiz deyarli yo'q. Mahalliy o'yinchilar ko'p, tarkibda 3-4 nafar yaxshi futbolchilar bor. Jamoada avlodlar almashinuvi ro'y berdi va yoshlar terma jamoaga kirib keldi.

- Sizningcha, mundial favoritlari kim?
- Doimgidek Fransiya, Portugaliya, Argentina, Germaniya va Braziliya deb o'ylayman.

Hayrulla Xoliqov suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia