“Milan derbisi”da ikkala taraf uchun o'ynagan yulduzlar...

Birozdan keyin A Seriya 21-turining markaziy uchrashuvi start oladi.

Chalhanoglu bugun sobiq klubiga qarshi maydonga chiqishi mumkin. “Inter” va “Milan” futbol olamidagi eng azaliy raqiblar hisoblansa-da, Hakan singari har 2 jamoa libosini kiyganlar talaygina. Derbi oldidan shunday o'yinchilar ro'yxatini taqdim qilamiz.

Roberto Badjo - 1994 yilgi mundial finalida golga aylanmagan penalti bilan eslanadigan futbolchi 1995-97 yillarda “Milan”, 1998-2000 yillarda “Inter”da o'ynagan.

Patrik Vieyra aksar muxlislar uni “Arsenal” libosida tasavvur qilishsa-da, fransiyalik yarim himoyachi 1995-96 yillarda “Milan”, 2006-10 yillarda “Inter” sharafini himoya qilgan edi.

Umit Davala Fotih Terim “Milan” ustoziga aylanishi bilan turkiyalik xavbekni transfer qilgan edi. Biroq, uning Italiyadagi faoliyati omadli chiqmadi. “Rossoneri” Davalani Dario Simich transferining bir qismi sifatida “Inter”ga berib yubordi. “Neradzurri” safida birorta ham uchrashuvda maydonga chiqmagan Davala Istanbulga qaytishga majbur bo'ladi.

Edgar Davids ko'zoynaklari bilan muxlislar xotirasiga muhrlangan niderlandiyalik futbolchi nafaqat Milan grandlari, balki “Yuventus” libosini ham kiygan edi.

Lorenco Buffon Janluijidan oldin ham bu familiya italyanlar orasida mashhur edi. O'z davrining eng yaxshi posbonlaridan biri hisoblangan Lorenco faoliyatining katta qismida “Milan”, butsalarini mixga ilishdan oldin “Inter” sharafini himoya qilgan.

Leonardo Bonuchchi “Yuventus” afsonasiga aylangan himoyachi katta futboldagi ilk qadamlarini “Inter” tarkibida qo'yganini ko'pchilik bilmasa kerak. U 2017 yilda qizil-qora libosni ham kiyib ko'rgan.

Zlatan Ibragimovich 41 yoshga bo'lishiga qaramay, “Milan” libosini echmayotgan shvetsiyalik forvard 2006 yilda “Yuventus” B Seriyaga tushirib yuborilganidan keyin “Inter”ga transfer bo'lgan edi.

Mario Balotelli “Super Mario” futbol ommasiga “Inter” tarkibida tanilgan edi. Bir muddat “Manchester Siti” uchun “Tumanli Albion”da yashagan forvardni 2013 yilda “Milan” Italiyaga qaytaradi.

Kristian Veri “Skuadra Adzurra” hujumchisi 2005 yilda “Inter”dan “Milan”ga transfer bo'lgan edi.

Juzeppe Favalli Veridan 1 yil oldinroq “Rossoneri”ga aylangan edi. Qanot himoyachisi “Milan” tarkibida o'tgan 4 yildan keyin faoliyatiga yakun yasadi.

Ronaldo Nazario 1997-2002 yillarda “Inter” libosini kiygan hujumchi gollaridan tashqari, tez-tez jarohatga yo'liqishi bilan esda qolgan bo'lsa, 2007 yil “Milan”ga o'tganidan ortiqcha vazni bilan hammaning e'tiborini tortgan.

Ernan Krespo “Inter” argentinalik hujumchi uchun 2002 yil “Lacio”ga 40 mln evro to'lagan edi. Keyin “Chelsi”ga transfer bo'lgan Krespo bir muddat “Milan”da ijara asosida to'p tepgandi.

Andrea Pirlo ayni paytda Otabek Shukurovga ustozlik qilayotgan “maestro” o'tgan asrda “Inter”, XXI asrning dastlabki 10 yilida “Milan” libosi bilan muxlislar mehrini qozongan edi.

Shuningdek, Klarens Zeedorf, Antonio Kassano,  Tomas Xelveg va Taribo Uest singari futbolchilarga ham “Milan derbisi”da har 2 jamoa uchun o'ynash nasib qilgan. Sizningcha, navbatdagi bahsda kimning qo'li baland keladi?

muallifning telegramdagi kanali → FR| futbol ANALIZI


Manba: championat.asia