"Mashal" 19 iyuldan yig'inni boshlaydi

Narzulla Saydullayev
14 iyul 2013
Muborakning "Mashal" jamoasi birinchi ligada peshqadam bo'lib turibdi.

Jamoaning ushbu mavsumdagi ishtirokini boshqa birinchi liga klublariga nisbatan yuqori baholash mumkin. Sababi gazchilarning mamlakat Kubogidagi yurishi ham uzoq davom etdi. Shuning uchun "Mashal" ko'p o'yin o'tkazishiga to'g'ri keldi. Jamoa oxirgi marta 11 iyul kuni Buxoroda "Spartak" bilan birinchi bosqichning so'nggi o'yinini o'tkazganidan xabaringiz bo'lsa kerak. Mazkur bahsdan so'ng, murabbiylar shtabi futbolchilarga qisqa muddatli tatil e'lon qilgan.

Jamoa katta murabbiyi Marat Miftaxuddinovning saytimizga ma'lum qilishicha, "Mashal" 19 iyuldan Chorvoqda yig'inni boshlaydi. U yerda olti kun mobaynida futbolchilarning jismoniy xolatini tiklashga e'tibor qaratiladi. Shundan keyin, yig'inning ikkinchi bosqichi Yangiyerdagi "Mashal" qarorgohida davom ettiriladi. Oraliq tanaffusdan unumli foydalanib jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov yurtiga borib kelish uchun Rossiyaga jo'nab ketgan. Murabbiy u yerdan yurtimizga 17 iyulda qaytadi.

Tarkibda u qadar jiddiy o'zgarishlar qilinmaydi. To'g'ri, ayni paytda jamoa yetakchilariga oliy liganing bir nechta klublaridan jiddiy qiziqishlar bo'lmoqda. Lekin barcha futbolchi bilan amalda shartnoma mavjud ekanligi bois, "Mashal" hech bir futbolchisini qo'yib yubormoqchi emas. Birinchi bosqichda jamoa sharafini himoya qilgan futbolchilar safiga davralar oralig'ida 2-3 nafar yangi o'yinchilar kelib qo'shilishi aytilmoqda.


Islombek Rustambekov


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia