

Superliga
12-tur
"Navbahor" – OKMK 2:3
Toshkent. “Olimpiya” stadioni. 20:00
Bosh hakam: Temur To'xtasinov
Yordamchi hakamlar: Anvar Marajabov, Abdulhamid Abdurayimov
Zaxira hakami: Asadbek Qosimjonov
VAR: Abdurashid Xudoyberganov
AVAR: Dias Galeev
Nazoratchi: Sultonbek Zaylobidinov
Komissar: Davron Ibrohimov
Gollar: 1:0 – 8, Ruslan Jiyanov (Abbos G'ulomov); 1:1 – 20, Hazrat Tursunqulov; 2:1 – 31, Husayn Norchaev (Diyor Xolmatov), 2:2 – 82, Ali Abdurahmonov (Ivan Peshich); 2:3 – 90+4, Arixiro Sentoku (Ivan Peshich)
"Navbahor": 1.O'tkir Yusupov, 4.Islom Mamatkazin, 5.Dilshodjon Komilov, 7.Ruslan Jiyanov (17.Muhammadali G'iyosov, 80), 8.Diyor Xolmatov, 11.Husayn Norchaev, 20.Quvondiq Ro'ziev (6.Shohruh Abdurahmonov, 80), 21.Asadbek Rahimjonov, 23.Vanya Ilich (22.Umar Adhamzoda, 46), 34.Georgiy Jgerenaya (44.Anri Chichinadze, 67), 70.Abbos G'ulomov (97.Aleks Fernandes, 63).
Zaxira: 16.Shukron Yo'ldoshev, 9.Zabihillo O'rinboev, 13.Benjamin Teydi, 77.Muhammadali Usmonov.
OKMK: 35.Javohir Ilyosov, 5.Georgi Papava, 6.Avazbek O'lmasaliev, 7.Dilshod Ahmadaliev, 8.Abubakr Rizo Turdialie (11.Ali Abdurahmonov, 81), 9.Aziz Xolmurodov (77.Ivan Peshich, 81), 10.Asadbek Sobirjonov (28.Arixiro Sentoku, 65), 21.Hazrat Tursunqulov, 22.Saidafzalxon Axrorov (19.Ahmadullo Muqumjonov, 87), 44.Abror Karimov, 88.Siyavash Xaqnazariy (27.Urosh Koyich, 65)
Zaxira: 23.Hamidullo Abdunabiev, 3.Shahzod Tairov, 13.Eldorbek Begimov, 30.Abror Sarimsoqov.
Ogohlantirishlar: Abubakr Rizo Turdialiev (45+3), Avazbek O'lmasaliev (59), Aziz Xolmurodov (66), Husayn Norchaev (90)
Uchrashuv yakunlandi! Haqiqiy drama guvohiga aylandik!
Bosh hakam Temur To'xtasinov hushtagi chalinib, shiddatli va kutilmagan burilishlarga boy bo'lgan uchrashuv nihoyasiga etganini bildirdi. So'nggi soniyalardagi gol evaziga OKMK safarda "Navbahor" ustidan 2:3 hisobida irodali g'alabani qo'lga kiritdi.
Ajoyib o'yin va faol translyatsiya uchun rahmat! Navbatdagi uchrashuvlarda uchrashguncha!
90+4' – GOOOOOOOL!!! Dahshatli drama! OKMK uchrashuvning so'nggi soniyalarida g'alaba to'pini kiritmoqda – 2:3!
Uchrashuv yakunida chinakam triller guvohiga aylandik! "Navbahor" burchak to'pidan so'ng g'alabani ilib ketishi mumkin edi – Asadbek Rahimjonov juda yaqin masofadan kuchli zarba yo'lladi. Biroq OKMK posboni Javohir Ilyosov yana bir bor mo'jiza ko'rsatib, to'pni qaytarishga erishdi!
Mehmonlar qaytgan to'pni ilib kyetib, yashin tezligida qarshi hujumga o'tishdi. To'pni qabul qilgan Arixiro Sentoku oldinga chiqib ketgan darvozabon O'tkir Yusupovning ustidan to'pni ustalik bilan oshirib qo'ydi va jamoasiga g'alaba taqdim etuvchi golni urdi!
90+1' – Xavfli vaziyat! Qanday seyv!
"Navbahor" uchrashuvga qo'shib berilgan daqiqalarda g'alabani ilib ketishi mumkin edi! Husayn Norchaev raqib himoyachilaridan qochib kyetib, OKMK posboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va darvozani nishonga oldi. Biroq mehmonlar darvozaboni Javohir Ilyosov sovuqqonlik namoyish etib, dahshatli seyv ijro etdi va o'z jamosini muqarrar goldan qutqarib qoldi!
90' – Uchrashuvning asosiy vaqtiga bosh hakam tomonidan 3 daqiqa vaqt qo'shib berildi. Drama davom etadi!
90' – Qizil kartochka! Yo'q, hakam futbolchini sariq kartochka bilan ogohlantirdi!
Maydonda kutilmagan asabiy vaziyat yuzaga keldi. "Navbahor" hujumchisi Husayn Norchaev raqib futbolchisi bilan to'qnashuvdan so'ng o'z hissiyotlarini jilovlay olmadi va unga bosh qismi bilan zarba berdi. Bosh hakam ushbu qo'pollik uchun Norchaevga sariq kartochka ko'rsatdi. Mezbonlar vakili bu vaziyatda ancha engil jazo bilan qutilib qoldi.
87' – OKMK tarkibida navbatdagi o'zgarish. Saidafzalxon Axrorov maydonni tark etdi, uning o'rniga Ahmadullo Muqumjonov o'yinga qo'shildi.
82' – GOOOOOOOL! Hisob tenglashdi – 2:2!
OKMK bosh murabbiyining hozirgina zaxiradan maydonga tushirgan futbolchilari o'z so'zini aytishdi! Chap qanotdan hujumga qo'shilgan Ivan Peshich jarima maydonchasi ichiga ajoyib uzatma amalga oshirdi. U yerda qulay nuqtada turgan Ali Abdurahmonov sovuqqonlik bilan aniq zarba yo'llab, darvozani ishg'ol etdi va muvozanatni tikladi!
81' – OKMK tarkibida ham qo'shaloq o'zgarish. Bosh murabbiy Mirjalol Qosimov o'yin taqdirini o'zgartirish uchun maydonga yangi kuchlarni tashladi: Aziz Xolmurodov va Abubakr Rizo Turdialiev zaxiraga olindi. Ularning o'rniga Ivan Peshich hamda Ali Abdurahmonov uchrashuvni davom ettiradigan bo'lishdi.
80' – "Navbahor" tarkibida bir yo'la ikkita o'zgarish amalga oshirildi. Maydonni Ruslan Jiyanov va Quvondiq Ro'ziev tark etishdi. Ularning o'rniga Muhammadali G'iyosov hamda Shohruh Abdurahmonov o'yinga qo'shildi.
80' – Dahshatli vaziyat! Qanday qilib gol bo'lmadi?!
OKMK gol urishiga bir bahya qoldi! Georgi Papavaning uzoq masofadan yo'llagan kuchli zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi. Qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Aziz Xolmurodov juda yaqin masofadan darvozani nishonga oldi, biroq uning zarbasidan keyin ham to'p yana ustunga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi! Mezbonlarning baxti kulib boqdi.
76' – "Navbahor"ning navbatdagi hujumi. Diyor Xolmatov chap qanotdan katta tezlikda oldinga intilib, raqib jarima maydonchasi ichiga yorib kirdi va darvozani nishonga oldi. Biroq uning yo'llagan zarbasi biroz kuchsiz chiqdi – OKMK posboni Javohir Ilyosov to'pni qiyinchiliksiz egallab oldi.
72' – Xavfli vaziyat!
OKMK yarim himoyachisi Hazrat Tursunqulov maydon markaziga yaqin joyda to'pni qabul qilib oldi va faollik ko'rsatdi. U chiroyli harakat bilan bir raqibini aldab o'tib, darvozani nishonga oldi. Biroq uning yo'llagan kuchli zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi – to'p darvoza ustuni yuqorisidan o'tib ketdi.
67' – "Navbahor" tarkibida navbatdagi o'zgarish. Jamoa bosh murabbiyi himoya chizig'ini yangilashga qaror qildi: maydonni Georgiy Jgerenaya tark etdi, uning o'rniga gruziyalik legioner Anri Chichinadze o'yinga qo'shildi.
66' – Sariq kartochka!
OKMK hujumchisi Aziz Xolmurodov raqib futbolchisi Ruslan Jiyanovga nisbatan xavfli harakat qilgani uchun bosh hakam Temur To'xtasinov tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
65' – OKMK tarkibida bir yo'la ikkita o'zgarish. Bosh murabbiy hujum chizig'ini yangilashga qaror qildi: maydonni Siyavash Xaqnazariy va Asadbek Sobirjonov tark etishdi. Ularning o'rniga Urosh Koyich hamda Arixiro Sentoku o'yinga qo'shildi.
63' – "Navbahor" tarkibida navbatdagi o'zgarish. Maydonni Abbos G'ulomov tark etdi, uning o'rniga braziliyalik legioner Aleks Fernandes o'yinga qo'shildi.
59' – Sariq kartochka!
Hakam qaroriga aniqlik kiritilmoqda. Ruslan Jiyanovga nisbatan ishlatilgan qo'pollikdan so'ng, OKMK yarim himoyachisi Avazbek O'lmasaliev hakam bilan tortishgani va etiroz bildirgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi. Qo'pollik ishlatgan Dilshod Ahmadalievga esa ogohlantirish ko'rsatilmadi.
55' – Xavfli vaziyat!
"Navbahor" himoyachisi Dilshodjon Komilov chap qanotdan raqib jarima maydonchasi markaziga juda qulay uzatma amalga oshirdi. To'pni qabul qilgan Husayn Norchaev darvozani nishonga oldi, biroq uning yo'llagan zarbasi noaniq ketdi. Mezbonlar hisobdagi farqni oshirish imkoniyatini qo'ldan boy berishdi.
54' – "Navbahor" himoyachisi Georgiy Jgerenaya raqib darvozasini olis masofadan nishonga oldi. Uning yo'llagan juda kuchli zarbasiga aniqlik yetishmadi – to'p maydon tashqarisiga ketdi.
53' – OKMK jamoasi vakillari jarima zarbasini tepish huquqiga ega bo'lishdi. Hazrat Tursunqulov to'pni jarima maydonchasi ichiga uzatdi, biroq uning sheriklaridan hech kim bu uzatmaga eta olmadi. To'p hech kimga tegmasdan maydon tashqarisiga chiqib ketdi.
47' – Xavfli vaziyat!
OKMK futbolchilari ikkinchi bo'limni hujumkor boshlashdi. Chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatilgan to'pni Hazrat Tursunqulov bosh bilan darvozaga yo'lladi. "Navbahor" posboni O'tkir Yusupov poziciyani to'g'ri tanlab, to'pni ishonchli tarzda egallab oldi.
46' – Ikkinchi bo'lim boshlandi!
Jamoalar maydonga qaytishdi. Bosh hakam xushtagini chalib, uchrashuvning ikkinchi bo'limiga start berdi.
"Navbahor" tarkibida tanaffus paytida o'zgarish amalga oshirildi: Vanya Ilich o'rniga maydonga Umar Adhamzoda tushdi.
45+3' – Birinchi bo'lim yakunlandi!
Bosh hakam Temur To'xtasinov hushtagini chalib, jamoalarni tanaffusga taklif etdi. Birinchi bo'limdan so'ng stadiondagi hisob – 2:1. "Navbahor" hozircha oldinda.
Qisqa tanaffus e'lon qilamiz. Jamoalar maydonga qaytishgach, translyatsiyani davom ettiramiz.
45+3' – Sariq kartochka!
Birinchi bo'limning qo'shib berilgan so'nggi daqiqasida maydonda qo'pollik ishlatildi. OKMK yarim himoyachisi Abubakr Rizo Turdialiev raqib futbolchisi Ruslan Jiyanovga nisbatan qoidani buzgani uchun bosh hakam Temur To'xtasinov tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
45' – Uchrashuvning birinchi bo'limi asosiy vaqti yakunlandi. To'xtalishlar va tibbiy yordam ko'rsatilgan vaziyatlar inobatga olinib, bosh hakam Temur To'xtasinov tomonidan birinchi bo'limga 3 daqiqa vaqt qo'shib berildi.
40' – Xavfli vaziyat!
OKMK himoyachisi Saidafzalxon Axrorov chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga xavfli uzatma amalga oshirdi. Qulay nuqtada turgan Hazrat Tursunqulov darvozaga kuchli zarba yo'lladi, biroq "Navbahor" posboni O'tkir Yusupov ajoyib seyv namoyish etib, jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi.
38' – Maydonda to'xtalish. "Navbahor" yarim himoyachisi Ruslan Jiyanov raqib bilan to'qnashuvdan so'ng maydonda yotibdi. Stadion shifokorlari maydonga taklif etildi va hozirgi daqiqalarda futbolchiga tibbiy yordam ko'rsatilmoqda.
36' – OKMK futbolchisi Hazrat Tursunqulov raqib darvozasini olis masofadan nishonga oldi. Uning yo'llagan kuchli zarbasi biroz noaniq ketdi – to'p darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi.
31' – GOOOOOOOOL!!! "Navbahor" yana oldinda!
"Navbahor" yarim himoyachisi Diyor Xolmatov raqib jarima maydonchasining o'ng tomonidan to'pni markazga uzatdi. Bu vaziyatda Husayn Norchaev sovuqqonlik ko'rsatib, to'pni to'xtatmasdan darvozaning uzoq pastki burchagiga aniq joylab qo'ydi. Mezbonlar yana hisobda ustunlikni o'z qo'llariga olishmoqda – 2:1!
27' – Uchrashuv bosh hakami Temur To'xtasinov o'yinda texnik tanaffus e'lon qildi. Futbolchilar suv ichib, kuch yig'ib olish va murabbiylardan ko'rsatmalar eshitish uchun zaxira o'rindiqlari tomon yo'l olishdi.
20' – GOOOOOOOOL!!! OKMK hisobni tenglashtirdi!
Mehmonlar yarim himoyachisi Hazrat Tursunqulov o'ng qanotdan katta tezlikda oldinga intildi. "Navbahor" himoyachisi Dilshodjon Komilov bilan bo'lgan kurashda ustun kelib, to'pni jarima maydonchasi markaziga uzatdi. Asadbek Sobirjonovning yo'llagan zarbasini darvozabon O'tkir Yusupov qaytarishga erishdi, biroq qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Tursunqulov uni deyarli darvoza chizig'i yonidan osonlik bilan to'rga joylab qo'ydi – 1:1!
18' – OKMK futbolchisi Siyavash Xaqnazariy raqib jarima maydonchasi ichida to'pni o'ziga bo'ysundirib, darvozaga zarba berdi. Biroq yo'lga qo'yilgan to'p "Navbahor" himoyachisiga tegib, o'z yo'nalishini o'zgartirdi va darvozagacha yetib bormadi.
12' – OKMK jamoasidan javob hujumi. Asadbek Sobirjonov jarima maydonchasi ichiga kirib borib, darvozaning yaqin burchagini nishonga oldi. "Navbahor" posboni O'tkir Yusupov o'z o'rnida, u to'pni ishonchli tarzda egallab oldi.
8' – GOOOOOOOOL!!! "Navbahor" hisobni ochdi!
"Navbahor" yarim himoyachisi Ruslan Jiyanov raqib jarima maydonchasi tashqarisida to'pni qabul qilib oldi va darvoza tomon kuchli zarba yo'lladi. To'p darvozabon Javohir Ilyosov qo'riqlayotgan darvozaning yaqin pastki burchagiga aniq yo'llandi. Mezbonlar hisobda oldinga chiqib olishmoqda – 1:0!
6' – Xavfli vaziyat!
"Navbahor" hujumchisi Ruslan Jiyanov chap qanotdan katta tezlikda oldinga qarab intildi va raqib jarima maydonchasi ichiga aniq uzatma berdi. Qulay poziciyaga chiqib borgan Husayn Norchaev 8–9 metrlar chamasi uzoqlikdan chap oyoqda darvozaga zarba yo'lladi. Biroq to'p darvoza to'sini yuqorisidan o'tib ketdi.
3' – OKMK yarim himoyachisi Asadbek Sobirjonov chap qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatma amalga oshirdi. Namanganliklar himoyachisi Islom Mamatkazin xavfni bartaraf etib, to'pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Mehmonlarda burchak zarbasi.
1' – Diqqat, uchrashuv boshlandi!
Jamoalar "Olimpiya" stadioni maydoniga chiqib kelishdi. Bugungi bahsda mezbonlar – "Navbahor" futbolchilari ko'k, mehmonlar – OKMK jamoasi esa oq rangli liboslarda harakat qilishadi.
Uchrashuv bosh hakami Temur To'xtasinov hushtagini chaldi. O'yinga start berildi!



