

Qishqi o'quv-mashg'ulotlari davomida tarkibni sezilarli tarzda kuchaytirgan jamoamiz bu yil o'zgacha futbol namoyish etmoqda. O'tgan yillarda bazi o'yinlarda hatto o'z maydonida ham himoya va qarshi hujum taktikasi asosida to'p surgan futbolchilarimiz, joriy mavsumda maydonda hujumkor o'yin ko'rsatib raqibga har tomonlama qarshilik ko'rsata olyapti.
O'yin statistikalariga nazar tashlaydigan bo'lsak, har bir o'yinda o'rtacha 10-12 marta gol urish imkoniyati bo'lgan xavfli hujumlar tashkil etilyapti. Ayni vaqtda jamoamiz a'zolari raqiblar darvozasiga 20ta to'p kiritgan. Evgeniy Gogol va Zafar Polvonovlar hisobida 5tadan gol mavjud. Shaxboz Erkinov va Sanjar Shoahmedov 3tadan gol urishga erishgan. Shuningdek, Doston Abdurahmonov, Mo'ydin Mamazulumov, Zohir Pirimov va Diyorjon Turopovlar hisobida bittadan gol bor.
Jamaomizning birinchi davra o'yinlariga qisqacha to'xtaladigan bo'lsak, birinchi turda safarda Qarshining “Nasaf” jamoasi bilan jangovor durang qayd etildi. Ikki to'p farqi bilan oldinda borayotgan holda so'nggi soniyalarda g'alaba qo'ldan chiqarildi. Ikkinchi turda o'z maydonimizda tabiat injiqliklari bilan kurashgan holda Zarafshonning “Qizilqum” jamoasi 2:1 hisobida mag'lub etildi. Uchinchi va to'rtinchi turlarni safarda o'tkazgan jamoamiz bir xil 0:0 hisobida durang qayd etdi. Gulistonda “Guliston” va Samarqandda “Dinamo”ga qarshi bahslarda jamoamiz g'alaba qozonishiga omad yetishmadi deyish mumkin. Jamoa beshinchi turda o'z maydonida mamlakatning to'rt karra chempioni “Bunyodkor”ni 3:1 hisobida mag'lub etdi. Oltinchi turda safarda “Buxoro” bilan o'tgan o'yinda to'liq ustunlikka ega bo'lgan holda, so'nggi daqiqalardagi birgina qarshi hujum natijasida mezbonlarga 3 ochko taqdim etildi.
Ettinchi turda muvaffaqiyatsizlik o'z maydonimizda “Navbahor” bilan davom etdi. Garchi raqib darvozasini uch marta ishg'ol bo'lsakda, ochko ololmadik. Sababi, mehmonlar bu o'yinda kam sonli hujumlardan samarali foydalanib 4:3 hisobida yutuqni Namanganga olib ketdi. Sakkizinchi turda G'uzorga safar uyushtirgan jamoamiz 1:1 hisobida durang qayd etdi. To'qqizinchi turda Farg'onaning “Neftchi” jamoasi 3:1 natija bilan mag'lub etildi. O'ninchi turda Bekobodda “Metallurg”ga 1:2 hisobida imkoniyat boy berildi. O'n birinchi turda amaldagi chempion “Paxtakor” o'z maydonimizda 1:0 hisobida dog'da qoldirildi. O'n ikkinchi turda Toshkentda “Lokomotiv”ga 0:1 hisobida mag'lub bo'ldik. Va nihoyat o'n uchinchi turda Jizzaxning “So'g'diyona” klubi 4:1 hisobida mag'lub etildi.
Bu uchrashuvlarda jamoa bosh murabbiyi jami 23 futbolchi xizmatidan foydalandi. Jamoaning o'rtacha yoshi 25,7ni tashkil qildi. Doston Abdurahmonov barcha 13 o'yinda ishtirok etgan yagona futbolchi bo'ldi. Evgeniy Gogol, Maqsatmurot Shomurodov va Zafar Polvonovlar 12tadan o'yinda maydonga tushishgan.
Birinchi davra yakuniga ko'ra jamoani hozircha uch futbolchi himoyachi Akmal Rustamov, yarim himoyachi Samandar Shodmonov va hujumchi Mo'ydin Mamazulumov tark etdi. Har uchchala futbolchi jamoa asosiy tarkibi a'zosi bo'lsada, o'yinlarda muqim ishtirok eta olmayotgandi. Jamoa rahbariyati va futbolchi kelishuviga binoan shartnoma bekor qilindi. Ayni vaqtda ketgan futbolchilar o'rnini to'ldirish bo'yicha boshqa futbolchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda.



