“Lokomotiv” yig'inida serbiyalik futbolchi

Narzulla Saydullayev
20 yanv 2016, 17:59
“Lokomotiv”ning Dubaydagi yig'iniga yangi legioner futbolchi kelib qo'shilgani haqida kecha xabar bergandik.

U bugundan e'tiboran mashg'ulotlarni boshlab yubordi.

To'liq ism-sharifi Nenad Predragovich Inyac bo'lgan hujumchi 1985 yil Belgrad shahrida tug'ilgan. O'z mamlakati klublaridagi faoliyatidan tashqari 2008 yil Permning “Amkar” klubi sharafini himoya qilgan. O'sha vaqtlar “Amkar”ni Miodrag Bojovich boshqarib borardi. Uning boshchiligida permliklar Rossiya chempionatining 4-pag'onasiga qadar ko'tarilishgan.

Inyac keyingi mavsumdan e'tiboran Nijniy Novgorodning “Volga”sida to'p surgan. 2010-2011 yilgi mavsumlarni Belgradning “OFK” klubi safida o'tkazgan hujumchi, 2011 yilga kelib Osiyo qitasiga tashrif buyurdi hamda Saudiya Arabistonining “Al-Ansor” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. 2013-14 yilgi mavsumlarda Qozog'istonning “Atirau” klubida o'ynadi.

So'nggi ikki mavsumni Serbiya chempionatida o'tkazgan 30 yoshli Nenad Inyacning keyingi taqdiriga Dubaydagi yig'indan keyin oydinlik kiritiladi. Uning harakatlari Mirko Yelichich boshchiligadagi murabbiylar shtabiga maqul kelsa, “Lokomotiv” safida qolishi mumkin. Yo'qsa, unga javob berib yuboriladi.

Eslatib o'tamiz, “Lokomotiv” yig'inida shuningdek chernogoriyalik hujumchi Ivan Vukovich ham bo'lib turibdi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: lokomotiv.uz