Kubok sari peshqadamlar to'qnashuvlari

Narzulla Saydullayev
30 iyul 2013, 10:22
Bugun va ertaga O'zbekiston Kubogining yarim final birinchi uchrashuvlari o'tkazilib, yurtimizda futbol mavsumining ikkinchi qismiga start beriladi.
Ochig'ini aytish kerak, chempionatning ikkinchi davrasidan ko'ra kubokdagi bellashuvlar muxlislar e'tiborini ko'proq tortishi mumkin. Chunki bu yerda ular barchasini o'zaro to'qnashuv orqali maydonda hal qilib olish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Kubok sohibining keyingi mavsumda Chempionlar ligasida qatnashish huquqiga ega bo'lishini nazarga olsak, bizni qanday keskin uchrashuvlar kutib turganini payqash qiyin bo'lmaydi.

Oliy ligada dastlabki to'rt pog'onani egallab turgan jamoalarning kubok yarim finaliga yo'l olishlari ko'pchilik mamlakatlarda kutilmagan holat kuzatiladi, chunki bu musobaqaga autsayder va o'rtamiyonalar katta e'tibor qaratishadi. Biroq bizda bunday toifadagi jamoalarning maqsadi o'sish va xalqaro maydonlarga chiqish emas, balki homiy ajratayotgan pulni eb bitirish xolos. Shu sababli O'zbekiston Kubogida yarim finalga kelib, oldiga qandaydir maqsad qo'ygan jamoalar qolishadi xolos. Bu yil ham shunga guvoh bo'ldik. “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Nasaf” hamda “Paxtakor” oliy ligada kuchli to'rtlikni hosil qilib turishibdi. Lekin dastlabki ikki pog'onani egallab turgan jamoalar “Nasaf”dan, qarshiliklar esa “Paxtakor”dan sezilarli farq bilan ilgarilab ketgan. Chempionlik uchun asosiy kurash “Bunyodkor” va “Lokomotiv” o'rtasidagi kurashda hal etilishi oydinlashib bo'ldi. Shu sababli birinchi davra nihoyasiga etmasdan turib yuqori o'rinlar uchun intriga yo'qolib ulgurdi. Lekin kubokda hammasi boshqacha ko'rinish olgan. Bu yerda ikki o'yinda raqibni dog'da qoldirib, finalga yo'l olish va finalda istalgan jamoani mag'lubiyatga uchratish imkoniyati mavjud. Lekin hech qanday sensaciya kuzatilmaydigan musobaqamizda bu yil ham barchasi rejadagidek bo'ldi. Yani, peshqadamlar yarim final ishtirokchilari safini to'ldirishdi. Final uchun “Bunyodkor” “Lokomotiv” bilan, “Paxtakor” esa “Nasaf”ga qarshi maydonga tushadigan bo'ldi. Bu jamoalar to'qnashuvlari mavsumning eng keskin o'yinlarini taqdim etib bersa ajab emas. Chunki 2-3 uchrashuvni muvaffaqiyatli o'tkazgan holda sovringa ega chiqish va OCHL yo'llanmasi naqd qilib qo'yishni to'rt jamoaning barchasi istaydi. Birinchi bellashuvlarning ikkinchi davra arafasida o'tayotgani jamoalarning o'zgacha ishtiyoq, kayfiyatda harakat qilishlarini taminlab berishi mumkin. Shu o'rinda juftliklardagi imkoniyatlar va boshqa holatlarga to'xtalib o'tsak. Yarim final oldidan prevyu sifatida.

“Bunyodkor” va “Lokomotiv”ning besh kun ichida ikki bor o'zaro hisob-kitob ishlarini olib borishiga to'g'ri keladi. Kubokdagi o'yindan bir necha kun o'tgach, tomonlar oliy ligada ham jangni davom ettirishadi. Birinchi davrada bu klublar to'qnashuvidan keyin turli gap-so'zlar yuzaga keldi. Shu sababli intriga yanada ortishi tayin. Imkoniyatlar borasida gap ketganda jamoalarga teng baho berish mumkin. Faqat davralar oralig'ida Bunyodkorda bazi yo'qotishlar yuzaga keldi. Boshqa tomondan asosiy tarkibda muqim maydonga tushganlardan deyarli hech kim ketgani yo'q. Temiryo'lchilar esa tarkibni kuchaytirishga urinishdi. Bir qator legionerlar sinovdan o'tkazildi, Paxtakor bilan shartnomasi tugagan Ilhom Suyunov safga qo'shildi. Birinchi davradagi uchrashuvdan keyin futbolchilar o'zlarini ko'rsatishga urinishlarini tasavvur qilish qiyin emas. Loko tarkibida Karpenko ikki hissa kuch bilan harakat qilishini kutsa bo'ladi. Bu jamoalar to'qnashuvida ko'p narsa Bugalo, Xolmatov, Karpenko, Nesterov, Pishur va Hasanov singari futbolchilarning mahoratiga bog'liq. Shuningdek, murabbiylarning raqib o'yinidagi kamchiliklarni topib, unga qarshi zarur chora qo'llashi juftlik taqdirini o'zgartirib yuborish ehtimoli mavjud. Eng muhimi, bu jamoalar ishtirokida hujumkor futbol ko'rishmizdir. Chunki kubokdagi hujumkor bahslar ishqibozlarning chempionat o'yinlariga bo'lgan qiziqishini ozgina bo'lsa ham oshirishi mumkin. Aks holda, butunlay teskari holat yuzaga kelib, ikkinchi davrada birinchi davradagidan kamroq muxlislar bahslarni bevosita stadiondan tomosha qilishadi. Chempionlik uchun kurashda voqealar rivoji qanday ko'rinish olishini aytish qiyin. Shu sababli OCHLda ishtirok etishni 100 foizga hal etib qo'yish maqsadida bu jamoalar kubokdagi bellashuvlarni so'nggi nafas to'qnashuvlariga aylantirib yuborishi ham hech gap emas. Agar shunday bo'lsa, bundan faqat xursand bo'lardik. Chunki futbolchilarimiz ichki musobaqalarda shiddatli va keskin ruhda o'tadigan o'yinlarga muhtojlar.

“Paxtakor” va “Nasaf” o'rtasidagi uchrashuvlarda esa jamoalarning ko'proq hujumkorlikka e'tibor berishlarini taxmin qilsak bo'ladi. Chunki bu klublar himoyada o'ynashni unchalik yaxshi o'zlashtirishmagan. Garchi, “sherlar” birinchi davrada ko'p to'p kirita olmagan bo'lsalar-da, vaziyatlarni yuzaga keltirish borasida ko'plab jamoalardan ustun edilar. Endi Anvar Solievdek tajribali hujumchi raqobatni oshirishi asnosida jamoaning gol urishdagi ko'rsatkich oshsa ajab emas. Xitoydan ijaradan qaytgan Sherzod Karimov avvalgidek chiroyli reydlar uyushtirishi kutilmoqda. Shuningdek, Murod Ismoilov ixtiyoriga yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida o'zlarini ko'rsatgan Kozak, Iskanderov, Sergeev va Maxsitaliev, shuningdek, jarohatini davolab bo'lgan Oganesyan va Rajabov qaytmoqda. Tabiiyki, bu o'yinchilarning tarkibga qaytishi “Paxtakor”da ijobiy o'zgarishlar bo'lishi mumkinligini ko'rsatib turibdi. Lekin vaziyat aslida qanday tus olishini bugun bo'lib o'tadigan uchrashuvda ko'rib olamiz. Dastlabki bahs “Paxtakor” stadionida o'tkaziladi. Shu sababli mezbonlar hujumga e'tibor qaratishlari bilan bir qatorda darvoza daxlsizligi haqida bosh qotirishga majbur bo'lishadi. Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi “Nasaf” esa birinchi davraning ikkinchi yarmida juda yaxshi va sermahsul futbol namoyish qildi. Lekin oradagi tanaffus bu jamoaga ta’sir o'tkazgan bo'lishi mumkinmi? Ushbu savolga javobni bilib olishimizga sanoqli soatlar qoldi. Chempionat o'yinida Toshkentda hujumkor futbol ko'rsatgan “Nasaf” o'shanda mag'lubiyatga uchragandi. Balki, Berdiev bu safar taktik ko'rsatmalarni boshqacharoq berar. Chunki qarshiliklarni gol urilgan har qanday hisobdagi durang yoki kichik hisobdagi mag'lubiyat ham qoniqtiradi. Lekin futbolda hech kim mag'lubiyatga uchrash uchun maydonga tushmaydi. Kubok o'yinida bo'lsa ham. “Paxtakor” o'yini ko'p jihatdan Miladinovich, Maxaradze, Iskanderov va Karimovga bog'liq bo'lsa, “Nasaf”da Gevorkyan, Gadoev, Olloniyozovlar hozirgi paytda yetakchilikni qo'lga olishgan. Yoshlar va o'z tarbiyalanuvchilariga e'tibor qaratayotgan bu jamoalar uchrashuvlari keskinroq o'tishiga ishonish mumkin. Chunki tarkibida yoshlar bo'lgan jamoalar to'qnashuvida bunday vaziyatlarga doimo guvoh bo'lib kelganmiz.

O'zbekiston Kubogida yana 5 uchrashuv va o'rtaga g'olibga atalgan 100 million so'm pul mukofoti hamda OCHL yo'llanmasi qoldi. Umid qilamizki, bizni mavsumdagi eng keskin bahslar kutmoqda. Bu jamoalar ishqibozlarini esa stadionda suyuklilarini qo'llab turishga chaqiramiz. Chunki futbol muxlislarsiz qiziqarli emas. Stadionda ko'rishguncha!
 
Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia