Kosta-Rika Suvonda shug'ullanyapti

Aslanov Jasurbek
25 sen 2022
O'zbekiston terma jamoasi o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazish uchun ayni damda Janubiy Koreyada bo'lib turibdi.

Terma jamoamiz Koreyadagi dastlabki o'rtoqlik o'yinida Kamerunni 2:0 hisobida taslim etdi, Sharqiy Osiyodagi ikkinchi raqibimiz Shimoliy Amerikadan tashrif buyurgan Kosta-Rika bo'ladi.

Luis Fernando Suares boshchiligidagi Kosta-Rika terma jamoasi ham o'rtoqlik o'yini o'tkazishga ulgurdi. Ular Janubiy Koreyaga qarshi bahs o'tkazib, 2:2 hisobida durang qayd etishdi. Seul shahridagi uchrashuvdan so'ng Kosta-Rika jamoasi O'zbekiston bilan bo'ladigan bahs uchun Suvonga yetib keldi. Shimoliy amerikaliklar kecha "Suwon World Cup" stadioni yonida joylashgan mashg'ulot maydonida shug'ullanishdi.

Kosta-Rika safida jarohatlanganlar yo'q, barcha futbolchilar mashg'ulotda to'liq qatnashishdi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston - Kosta-Rika uchrashuvi 27 sentyabr Toshkent vaqti bilan 11:00da boshlanadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia