

Odamlar turfa xil bo'lgani uchun turli narsalardan rohatlanib, huzur oladi. Masalan, futbolga befarq bo'lmagan toifaga kurashlarga boy, keskinlik va prinsipiallik bor "jang"larni kuzatish kayf beradi. Shuning uchun millionlab muxlislar "El Klasiko", "Der-Klasiker", "Derbi d'Italiya" yoki istalgan shahar derbilarini intiqlik bilan kutadi. Chunki bu o'yinlar har doim futbol olamida yilning eng muhim bahslari qatorida turgan. Yaxshi-da, lekin yil o'yinlarining barchasi yilning ayni kuniga belgilansa, qanday bo'ladi? Deylik, oktyabr oyining 24-sanasiga. Ha, ertangi kun ishqibozlarga bir qancha super to'qnashuvlarni vada qilyapti.
1. (Ispaniya) "Barselona" - "Real Madrid"
Oxirgi 3 ta "El Klasiko" poytaxt klubining foydasiga hal bo'lgan. "Barsa" 2019 yilning martidan beri "Real"ni mag'lub qilolmayapti.

2. (Angliya) "Manchester Yunayted" - "Liverpul"
Mazkur jamoalar o'rtasidagi so'nggi to'qnashuv 13 may kuni o'tkazilgan va unda mersisaydliklarning qo'li baland kelgandi (2:4).

3. (Niderlandiya) "Ayaks" - PSV
"Ayaks" garchi mamlakatning amaldagi chempioni bo'lsa-da, 7 avgust kuni o'tkazilgan superkubok bahsida eydxovenliklardan yirik mag'lubiyatni qabul qilib oldi (0:4).

4. (Italiya) "Inter" - "Yuventus"
Milan klubi so'nggi 10 ta "Derbi d'Italiya"ning faqat 1 tasida zafar quchishni uddalagan.

5. (Italiya) "Roma" - "Napoli"
Rimliklar Neapol klubiga qarshi so'nggi 3 o'yinning barchasida mag'lub bo'ldi. Balki, 24 oktyabr kuni Eldor muvozanatni "Roma" tomonga burib yuborar...

6. (Fransiya) "Marsel" - PSJ
"Olimpik" Parij jamoasiga qarshi oxirgi 23 o'yinning faqat 1tasida zafar quchdi. PSJ tarkibi Messi va Ramos bilan kuchayganini hisobga olsak, marselliklar keyingi g'alabani ancha kutishadi shekilli.

7. (Turkiya) "Beshiktosh" - "Galatasaroy"
Istanbul derbilari har doim keskin ruhda o'tgan. Sergan Yolchin va Fotih Terim o'rtasidagi navbatdagi to'qnashuv ham bundan mustasno bo'lmasligi aniq.

Bundan tashqari, Piter Xyuistra boshchiligidagi "Paxtakor" ertaga Jizzaxda "So'g'diyona" mehmoni bo'ladi.



