IMHO: Katanetsga akademiyalarni ham ko'rsatish kerak!

Og'abek Samisov
22 avg 2021
18 avgustdan 19 avgustga o'tar kechasi Srechko Katanets O'zbekistonga yetib keldi.

U kelganidanoq futbolimiz kishilari bilan "Bunyodkor" va "JAR" stadionlarini borib ko'rdi. Mutaxassis Milliy Olimpiya qo'mitasida ham bo'ldi

Foto: O'FA matbuot xizmati

Katanets o'sha kuniyoq "Paxtakor" - "Turon" uchrashuvining 1-bo'limini, keyin esa AGMK - "Neftchi" o'yinining 2-bo'limini tomosha qildi

Foto: O'FA matbuot xizmati

O'FA xabariga ko'ra, murabbiy "Olimpik" jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze bilan yurtimiz futboli hamda o'zbekistonlik futbolchilarning potenciali xususida suhbatlashdi va kelajakda o'zaro hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishib oldi.

20 avgust kuni Ravshan Haydarov Katanetsning ikki yordamchisi bilan Jizzaxga tashrif buyurdi va "So'g'diyona" - "Lokomotiv" uchrashuvini kuzatdi. Sloveniyalik murabbiyning o'zi esa shu kuni "Bunyodkor" - "Navbahor" o'yinida bo'ldi.

Yaqin orada uning murabbiylar shtabi ham e'lon qilinsa kerak. 

Shaxsan o'zim xorijdan kelgan mutaxassisning fikrlari bilan qiziqaman. U Katanets bo'ladimi, Kuper bo'ladimi, Arveladzemi - ularning futbol haqidagi tushunchasini o'rgangim keladi, kezi kelanda maslahat berishlarini xohlayman. Srechko Katanets bugun maydonlarni ko'ryapti, unga bularni ko'rsatishyapti. Hali u ko'p bora stadionlarga tashrif buyurib, futbolchilarni kuzatsa ham kerak.

Shu o'rinda janob Katanetsga mamlakatdagi akademiyalarni ham ko'rsatishlarini xohlab qolardim. Bazi viloyatlarda akademiyalarning maydonlari yo'qligi-yu, borlarini ham holatini sloveniyalik murabbiy ko'rsin, tasavvurga ega bo'lsin, aytadiganlari bo'lsa maslahatlari bilan o'rtoqlashsin. 

O'FA hududiy associaciyalar bo'limi rahbari Baxtiyor Shirinov hududiy futbol akademiyalari haqida fikr bildirgan edi. Marhamat, mana bu erda viloyatlardagi akademiyalar holati haqida bilib olish mumkin.

Toshkent shahri hamda Jizzaxda bitta, Samarqand va Qashqadaryoda umuman maydon yo'q - Baxtiyor Shirinov hududiy futbol akademiyalardagi holat va maydonlar haqida


Og'abek SamisovMuallif
Manba: championat.asia