Karlush Keyrush: “Eronni keyingi bosqichga olib chiqishni xohlayman”

Narzulla Saydullayev
20 avg 2013, 15:43
Eron terma jamoasi bosh murabbiyi FIFA rasmiy sayti xodimlari bilan suhbatda bo'ldi.
2010 yil JARda bo'lib o'tgan jahon chempionatida ushbu murabbiy boshchiligida Portugaliya termasi nimchorak finalga qadar yetib borgandi. Endi esa murabbiy o'zining yangi jamoasi Eron bilan 2014 yilgi mundialda guruhdan chiqishni maqsad qilmoqda.

Xabaringiz bor, eronliklar JCH-2014 saralash bosqichini yuqori notada yakunlashdi. Ular Janubiy Koreyani ortda qoldirgan holda guruhda birinchi o'rin bo'lishdi. Tabiiyki bosh murabbiy Karlush Keyrush hamkasblarimiz bilan suhbatda bu mavzuga ham to'xtalib o'tdi.

“Bu ikki yillik mehnatimizning samarasi bo'ldi, - deydi portugaliyalik mutaxassis. – Jamoa oxirigacha birlashgan holda to'p surdi, saralashning har bir o'yinida o'zimizning eng yaxshi jihatlarimizni ko'rsata oldik. Qolaversa, omad ham biz tomonda bo'lganini aytib o'tishim darkor. Hech kim kutmaganda guruhda birinchi o'rinni egalladik, kimsan Janubiy Koreyadek kuchli raqibni ortda qoldirdik. Men guruhdan chiqishimizga ishongandim, bundan esa barchamiz xursandmiz”.

“Biz barcha tanqidlarni rad etgan holda faqat ishlashda davom etdik. O'yinchilarim ham texnik, ham ruhiy tomondan o'zlarini ko'rsata olishdi. Jahon chempionatiga chiqish uchun muhim qarorlarni qabul qilishimiz kerak edi, shuningdek, hech kimning manfaati terma jamoanikidan ustun emasligini yigitlarga tushuntirdik. Natijada millionlab eronliklarni xursand qila oldik”.

Eron termasining jahon chempionatida qo'ygan maqsadlari qanday? Bu savolga javob berar ekan, “Real Madrid”ning sobiq ustozi shunday dedi: “Eron jahon chempioni bo'la oladimi? To'g'risini aytganda, bunga hech kim ishonmaydi. Qolaversa, Eron hali Braziliya, Ispaniya, Germaniya, Angliya yoki Italiya darajasiga chiqqani yo'q. Shunga qaramay, biz ham Eron xalqini xursand qilishni xohlaymiz. Xo'sh, bunga qanday erishish mumkin? Kuchli tayyorgarlik ko'rib, nomdor raqiblarni bilan tengma teng o'ynab, guruhdan chiqish orqali. O'ylaymanki, jahon chempionatida ahvolimiz hozirgi holatdan yaxshiroq bo'ladi”.

Keyrush allaqachon qayta ta'mirdan chiqarilgan “Marakana” stadioniga borib qaytdi. U Konfederatsiyalar Kubogining finalini bevosita shu stadionda kuzatdi. “Men Braziliyaga jahon chempionatini his qilish uchun borgandim, - deydi Eron termasining ustozi. – Bu yerda tayyorgarlik ajoyib tarzda ketyapti. Keyingi yil juda qiziqarli musobaqaning guvohi bo'lsak ajab emas”.
 
Xayrulla Xoliqov tarjimasi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia