Kannavaro: "O'zbekiston terma jamoasidagi har bir futbolchi oldinga qadam tashlamoqda"

Aslanov Jasurbek
19 noya 2026, 18:22
O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro noyabr oyidagi o'quv-mashg'ulot yig'ini va Rossiya hamda Saudiya Arabistoniga qarshi o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvlari yuzasidan o'z fikrlarini bildirdi.

Italiyalik mutaxassis Instagram sahifasida terma jamoaning rivojlanish jarayoni, tarkibga jalb qilingan yangi futbolchilar va yosh istedodlarning o'sishini ijobiy baholadi.

"Rivojlanish yo'lidagi harakatimiz davom etmoqda va men bundan faxrlanaman. Rossiya va Saudiya Arabistoniga qarshi ikkita ajoyib o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazdik. Jahon chempionatidan so'ng jamoamizga ko'plab yangi futbolchilar va yosh istedodlar qo'shildi. Ularning har biri oldinga qadam tashlamoqda va ajoyib o'yin ko'rsatmoqda. Oldinga intilishda davom etamiz, O'zbekiston!" – deb yozdi Kannavaro.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston terma jamoasi 12 noyabr kuni Toshkentda Rossiyaga qarshi o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvida 2:0 hisobida oldinda borayotganiga qaramay, yakunda 2:3 hisobida mag'lub bo'ldi.

17 noyabr kuni esa Kannavaro shogirdlari Qatarda Saudiya Arabistoni terma jamoasini 2:1 hisobida mag'lub etdi. Ushbu bahsda O'zbekistonning har ikki goliga Sherzod Esanov mualliflik qildi.

O'xshash yangiliklar

Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia