"Jiyanov o'zimizda qoladigan bo'ldi, Hamralievga ruxsat berdim" - Timur Kapadze "Olimpik"dagi o'zgarishlar haqida nimalar dedi?

Narzulla Saydullayev
26 yanv 2023, 19:37
"Olimpik" jamoasi BAAdagi yig'indan so'ng Toshkentda qisqa yig'in tashkil qildi.

Jamoa a'zolari ertaga navbatdagi xorij yig'ini uchun Turkiyaning Antaliya shahriga yo'l oladi. Xabaringiz bor, so'nggi vaqtlarda "Olimpik" tarkibidagi o'zgarishlar tez-tez qulog'imizga chalinmoqda. Bu borada bosh murabbiy Timur Kapadzening fikrlari bilan qiziqdik. 

- Timur aka, dastlab Toshkentda olib borilayotgan yig'in xususida fikrlaringiz. Sharoitlar nisbatan qiyinchilik tug'dirmayaptimi?

- Ayni paytdagi sharoitdan kelib chiqib "Chig'atoy" maydonida shug'ullanmoqdamiz. Tabiiy maydonga baribir yetmaydi. Nafaqat biz, balki ko'p jamoalar maydon bilan bog'liq muammolarga uchramoqda. Ko'p faktorlar rol o'ynamoqda. Bir mahal shug'ullanyapmiz. Ertaga Turkiya yig'iniga ketamiz. Bungacha dekabr oyida Turkiyada, yaqinda amirliklarda yig'in o'tkazgandik. U yerda ikki mahaldan mashg'ulot o'tkazish uchun hamma narsa bor. Turli mamlakat jamoalari bilan o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. Kamchiliklarni ko'rib xulosa chiqaramiz. 

- Tarkibdagi o'zgarishlar

- Ketgan futbolchilar ham bor. Kimdadir takliflar bo'ldi, yana kimdadir o'yin amaliyoti etarli emasligi uchun qo'yib yubordim. Bizda jarayon ketyapti. Ularning o'rniga 7 yangi bola kelgan. Imkoniyatlarini ko'raman. Ketgan futbolchilar o'ynasa terma jamoaga foyda. "Olimpik" yig'ilganda ham aytgandim maqsadimiz asosiy tarkibga tusha olmagan futbolchilarni yaxshi darajaga chiqarish. Ko'p futbolchilarga takliflar bor. Bu katta plyus. Hali tayyorgarlik ko'ryapmiz. Ruslan Jiyanov borasida taklif bilan chiqishdi. U o'zimizda qoladigan bo'lyapti. Nazarovga kelsak, u o'yin amaliyoti yaratiladi. Bu yerda boshqalarga imkon beramiz. Hamralievga "Paxtakor"dan chorlov oldik. Boshida o'ylanib, keyin rozilik berdim. Uning o'rnida yana bir futbolchini o'ynatmoqdaman. Odil Abdumajidovni chaqirdim. Futbolchilarim yaxshi jamoada o'ynasa raqobat oshadi. Talablarimni biladi, terma jamoaga kelsa ham tezda qo'shilib ketadi. Asosiy tarkibda joy kafolatlanmagan. Raqobatda yutgani o'ynaydi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia