Islom Ahmedov: "O'zbekistonning kuchli hamda sovrindor jamoalaridan biri bo'lgan “Navbahor” bilan o'ynaganimizdan xursandman"

Narzulla Saydullayev
25 mar 2024, 10:41
“Navbahor” kecha Qirg'iz Respublikasi Premer-ligasining so'nggi ikki mavsumi chempioni “Abdish - Ota” (Kant) jamoasiga qarshi xalqaro o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazib 1:0 hisobida g'alaba qozondi.

Mazkur o'yindan so'ng, mehmonlar bosh murabbiyi, hamyurtimiz Islom Ahmedov klubimiz rasmiy sayti uchun maxsus intervyu berdi. Quyida uning fikrlarini e'tiboringizga havola etyapmiz.


"O'zbekistonning kuchli hamda sovrindor jamoalaridan biri bo'lgan “Navbahor”ga qarshi xalqaro o'rtoqlik bahsi o'tkazganimizdan xursandman.

Mazkur o'yin o'zbek va qirg'iz xalqlari o'rtasidagi do'stlikni yanada mustahkamlaydi, jamoamiz uchun esa Avstraliyaning “Central Kost Mariners” klubiga qarshi kechadigan OFK kubogi hududiy final bellashuvlaridan oldin tajriba oshirishga yordam beradi, degan umiddaman.

Tan olish kerak, namanganliklar o'yin saviyasi hamda tajriba borasida jamoamizdan ancha kuchli. Shunday bo'lsada, yigitlar nomdor raqibga qarshi munosib o'yin namoyish etishga intilishdi. Biroq, tajriba baribir o'z so'zini aytdi. Ajoyib tashkilotchilik uchun “Navbahor” klubi rahbariyatiga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. “Navbahor”ga Superliga va O'zbekiston kubogi musobaqalarida omad yor bo'lib, jamoa g'alabalari bilan muxlislarga quvonch ulashishiga tilakdoshman", - dedi Islom Ahmedov. 

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: “Навбаҳор” матбуот хизмати