Iordaniya bugun o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi

Narzulla Saydullayev
6 avg 2013
Iordaniya milliy terma jamoasi bugun Falastin, 9 avgust kuni Liviya terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
15 avgust kuni esa Tehronda Suriyaga qarshi Osiyo Kubogining ikkinchi tur bahsida bellashadi. Demak, bu jamoa o'z o'yinini yaxshi ko'rinishga keltiradigan payt boshlandi. Murabbiylar shtabidan biror vakilimizning Erondagi o'yinni kuzatishi foydadan xoli bo'lmasdi. Chunki misrlik murabbiy Hussam Hassan boshchiligida iordaniyaliklar ko'plab mashg'ulotlarda ishtirok etishmoqda. Ularda qandaydir o'zgarishlar yuzaga kelgan bo'lishi tabiiy. O'tgan haftada mutaxassis “Shabab Ol Ordun”dan Uday Xadir, Muhammad Shishani hamda Hamse Dardurlarni yig'inga taklif qildi. Shu tariqa ular allaqachon hozir bo'lgan 29 futbolchi qatoriga qo'shilishdi. Iordaniya Kubogi bellashuvlarini diqqat bilan kuzatib borayotgan Hassan bir qator futbolchilarni sinab ko'rishni maqsad qildi. Jamoalar ikkitadan uchrashuvlarda maydonga tushishdi.

“Kubok bahslarining ikkinchi tur o'yinlarini shtabimdagi murabbiylar bilan kuzatdim. Natijada terma jamoaga taklif etishga loyiq bir qator futbolchilarni ko'rdim. Yangi chaqirilgan futbolchilar yaxshi o'yin namoyish qilishdi. Dardurni esa yana bir bor yig'inga taklif etdik. U o'tgan hafta mahoratini namoyish etdi. Terma jamoa eshiklari barcha o'yinchilar uchun ochiq. Unda faqat ma'lum futbolchilargina to'p tepmaydi. Raqobat bor joyda ishtiyoq yuzaga keladi. Biz aynan shuni istaymiz”, - deya fikrlarini bildirdi misrlik mutaxassis.

3 avgustdan jamoa navbatdagi yig'inni boshladi. Kubok va chempionatning har bir tur uchrashuvlaridan keyin 2 kunlik yig'in o'tkazib kelayotgan Iordaniya  terma jamoasi O'zbekistonga qarshi bahsga jiddiy hozirlik ko'rmoqda. Ikki o'rtoqlik o'yinida maydonga tushgach, jamoa 12 avgust kuni Eronga uchib ketadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia