

– G'alaba va urgan golingiz bilan tabriklaymiz. "Bunyodkor" stadionida sobiq jamoangizga qarshi o'yinda gol urganingizda qanday hissiyotlarni kechirdingiz?
– Birinchi galda, barchasi uchun Xudoga shukrona aytaman. Bu biz uchun juda muhim o'yin edi, chunki chempionat boshidan beri natijalarimiz ko'ngildagidek bo'lmaganini hamma biladi. Shunday ekan, bugun kuchli jamoaga, o'zimning sobiq jamoamga qarshi muhim bahs bo'lib o'tdi. Albatta, g'alabadan xursandman. Lekin biz shu ruhda davom etishimiz kerak. Keyingi o'yinlarda yanada kuchliroq harakat qilishimiz zarur. Uch kundan keyin o'z muxlislarimiz qarshisida Samarqandning juda yaxshi shakllangan jamoasiga qarshi o'ynaymiz. Shuning uchun jipslashib, navbatdagi uchrashuvda ham g'alaba qozonishga harakat qilishimiz kerak. "Bunyodkor" haqida gapiradigan bo'lsam, ha, bu o'ziga xos hissiyotlar edi. Men u yerda o'zimni uydagidek his qilaman. Ularga keyingi o'yinlarda omad tilayman.
– Sizni jamoaga Samvel Babayan taklif qilgandi. Bosh murabbiyning o'zgarishi o'yiningizga va maydondagi erkinligingizga ta’sir qilyaptimi?
– Yo'q, unday emas. Men bunday demagan bo'lardim. Bu – futbol. Futbolda nima bo'lishini oldindan bilib bo'lmaydi, har qanday holat yuz berishi mumkin. Boshida o'zgacha edi, hozir esa boshqa murabbiy va boshqacha futbol. Shunday ekan, bor kuchimni berishga harakat qilyapman. Murabbiy kim bo'lishidan qati nazar, o'zimni maksimal darajada ko'rsatishga va jamoaga imkon qadar ko'proq yordam berishga intilaman.
– O'tgan mavsumning yakunini juda sermahsul o'tkazgan edingiz, lekin "Andijon"dagi hozirgi statistikangiz u qadar maqtanarli emas. Buning asosiy sababi nimada?
– Ha, shunday, bilasizmi, gap faqat statistikada emas. Hozir "Andijon"da yangi o'yinchilar juda ko'p. Shuning uchun bir-birimizni, maydonda qanday harakat qilishimizni yaxshiroq tushunib olishimiz, o'zaro moslashishimiz kerak. Gap o'yin uslubida. Nazarimda, eng muhimi – jamoaga foyda keltirishga urinish. Albatta, hujumkor futbolchilar uchun gol urish, golli uzatmalar berish muhim ahamiyatga ega. Buni barcha xohlaydi, lekin buni amalga oshirish oson emas. Shunday ekan, qattiq mehnat qilishda hamda gollar va assistlar orqali jamoaga imkon qadar ko'proq yordam berishga harakat qilaman.



