
Qur'aga ko'ra, Qizilqum jamoasi yangi mavsumni safarda boshlab meµmonda yakunlaydigan bo'ldi. Dastlabki turda Yuriy Lukin shogirdlari Toshkentda mamlakatimizning amaldagi chempioni va O'zbekiston kubogi sohibi - Bunyodkor futbolchilariga qarshi maydonga tushadi. Ikkinchi turni o'z maydonida Andijonga qarshi o'tkazsa, keyingi o'yin yana Toshkentda bo'lib o'tadi. Unda konchilar Paxtakor jamoasi mehmoni bo'lishadi.
Taqvim xususida Qizilqum jamoasi ijrochi direktori Hamid Aktamov hamda bosh murabbiy Yuriy Lukinlarning fikri bilan qiziqdik.
Hamid Aktamov, Qizilqum futbol klubi ijrochi direktori:
- Qur'a yakunlari haqida nima deyish mumkin?! Chempionatda ishtirok etadigan o'n uch jamoa bilan ertami-kech baribir o'ynaymiz. Qisqacha aytganda, raqib tanlashga haqqimiz yo'q. Agar mavsum boshida jamoalarning deyarli bir xil imkoniyatga ega bo'lishini hisobga olsak, hech kimdan cho'chimaymiz. Hammasi avvalo mavsumga jamoalarning qanday hozirlik ko'rishiga bog'liq.
Shu uchun biz hozirda qur'a yakunlari xususida emas, ko'proq tarkibni qanday shakllantirishga e'tibor qaratganimiz maqulroq. Bir tomondan uchrashuvlarni safarda boshlashimiz yomon emas.Umuman aytganda, qur'adan ko'nglimiz to'ldi. Qolaversa, qaysidir manoda taqvimning ham avvalgi tizimlardan farq qilishi va uchrashuvlarning yangicha tartibda o'tishi ko'pchilik qatorida biz uchun ham qiziqarli.
Yuriy Lukin, jamoa bosh murabbiyi:
- Rosti, chempionatni safarda Bunyodkorga qarshi boshlashimizni kutmagandim. Ammo bundan nolimaymiz. Jamoamiz bilan mavsumga maksimal darajada puxta hozirlik ko'rishga intilamiz. Chunki raqiblarimizning barchasi bilan baribir o'ynaymiz. PFLning ko'zguli taqvim tizimidan voz kechganligi ham ko'pchilik uchun yangilik bo'ldi. Ikkinchi davrani o'z maydonimizda mamlakatimizning yetakchi jamoasiga qarshi boshlash biz uchun yoqimli, albatta.
Endi fikri-xayolimizni yangi mavsumga puxta hozirlik ko'rishga qaratamiz. Maqsadimiz esa oliy ligada jon saqlab qolish emas, aksincha chiroyli va hujumkor o'yinlar namoyish etib, ko'psonli muxlislarimizni quvontirishdir.