Hakamlar bilan yuzaga kelgan yoddan chiqmas holatlar

Narzulla Saydullayev
6 avg 2013, 12:53
Hakamlarning futbolda tutgan o'rni salmoqli. Chunki ular uchrashuvni juda yaxshi boshqarib, hech kimning e'tiboriga tushmasliklari yoki birgina noto'g'ri qaror bilan o'yin taqdiriga oydinlik kiritib qo'yishlari ehtimoli hech gap emas.
Lekin ushbu maqolada biz hakamlar xatolari haqida to'xtalmoqchi emasmiz. Aksincha, o'zbek futbolida ular bilan bog'liq yuzaga kelgan turli yoddan chiqmas holatlar haqida o'quvchilarimizga ma'lumot taqdim etishga qaror qildik.

ALMASHTIRILGAN HAKAMLAR
Hakamlarning almashtirilishi futbolda onda-sonda bo'lsa ham sodir bo'lib turadi. Bazida uchrashuvlar boshlanishi arafasida shunday vaziyatlar ro'y beradi. Biroq milliy futbolimiz tarixida bir bor o'yin vaqtida ham hakamlar almashtirilgani kuzatilgan. O'shanda 2001 yil O'zbekiston Kubogi guruh bahslarida “Andijon” va “Navbahor” jamoalari to'qnash kelishgan. Bobur Haydarov oyog'idan jarohat olgani tufayli uning o'rnini to'rtinchi hakam egallagan. Bu vazifani asli andijonlik bo'lgan Nizomov bajargandi. Shuningdek, 1996 yil “Navbahor”ning Osiyo Kuboklari doirasidagi uy o'yinida ham shunday holat kuzatilgan. “Istiqlol”ga qarshi bellashuvda bosh hakam ham o'zini noxush his qilgan. Natijada bahsni zaxiradagi hakam oxiriga etkazib qo'ygandi. Eng qizig'i, har ikki holatda maydonda “Navbahor” futbolchilari bo'lishgan.

Bundan tashqari, bir necha o'yinlar arafasida bosh hakamlarni almashtirishga qaror qilishgan. 2007 yil bo'lib o'tgan “Quruvchi” va “Neftchi” jamoalari o'yinidan oldin Rustam Saidov uchrashuvni boshqarib borishi haqida xabarlar tarqalgandi. Lekin bellashuv boshlanishiga oz vaqt qolgan bir pallada uning o'rniga Xushvaqt Muxtorov tayinlangan. O'sha bahsda 0:0 hisobi qayd etilgan. Mezbonlar birinchi taym oxirida penaltidan foydalana olishmagandi.

XORIJLIK REFERILAR

Oliy liga tarixida uch marta esa xorijlik hakamlarning o'zimizning referilar ishini bajarishgan. 1992 yil qirg'izistonlik Aleksandr Kulakov Farg'onada bo'lib o'tgan “Neftchi” va “Paxtakor” o'yinini boshqarib borgan. Mezbonlar 2:0 hisobida g'alaba qozonishgan. 2010 yil “Paxtakor” Toshkentda “Nasaf”ni 2:0 hisobida enggan bellashuvida BAAdan tashrif buyurgan Farid Ali Marzuqi xizmat qilgan. O'sha yili “Paxtakor” hamda “Bunyodkor” o'rtasidagi qarama-qarshilikni quvaytlik Yusuf Marzuq boshqargan. Tomonlar o'sha uchrashuvda gol ura olishmagandi. Ko'rib turganingizdek, hozirgacha xorijlik referilar ishtirokidagi bahslarning barchasida maydonda “Paxtakor” bo'lgan.

1992 yil
NEFTCHI - PAXTAKOR - 2:0
Farg'ona. 21 oktyabr. 10000 tomoshabin.
Hakam:
Aleksandr Kulakov (Qirg'iziston)

2010 yil
PAXTAKOR - NASAF - 2:0
Toshkent. 5350 tomoshabin.
Hakam
: Farid Ali Marzuqi (BAA)

2010 yil
PAXTAKOR - BUNYODKOR - 0:0
31 oktyabr. 12006 tomoshabin.
Hakam:
Yusuf Al Marzuq (Quvayt)

PENALTILAR KECHASI
Odatda bunday tarif bir uchrashuv mobaynida 2 va undan ko'p bor penalti belgilangan uchrashuvlarga nisbatan qo'llaniladi. 2001 yilgi mavsumda chempionat formati juftliklarga ajratilgandi. Yani, bir jamoa ketma-ket 2 o'yinni safarda bir-biriga yaqin hududda joylashgan jamoalargi qarshi o'tkazardi. Vodiyga safar qilgan “Qizilqum” dastlab Andijonda, keyin esa Farg'onada mehmon bo'lgan. Har ikki bahsda zarafshonliklar penaltilar qurboniga aylanishgan. Faqat boshqacha manoda. Andijonda mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilangan. Uni Akbarov golga aylantirmagan, darvozabon to'pni qaytaradi. Qaytgan to'pga kurash ketayotgan pallada hakam yana o'yin qoidasi buzildi deb, yana bir mezbonlar 11 metrlik zarba berishlarini ko'rsatgan. Bir vaziyatning o'zida ikkinchi penalti belgilanib, uni Hamidullaev aniq amalga oshirgan.

10-turda Farg'onada “Qizilqum” darvozasiga mezbonlar 3ta penaltidan to'p kirita olishmagan! Har uch penalti bir holatda amalga oshirilgan. Dastlab Sergey Ni tepgan to'pni darvozabon qaytargan. Biroq hakam posbon to'p tepilishidan avval oldinga chiqib ketganini ko'rsatib, yana bir bor penalti tepilishiga qaror qilgan. Bu safar ham Nining zarbasi yo'liga darvozabon g'ov bo'ladi. Lekin hakam yana avvalgiday qarorga keladi. Uchinchi safar to'pga yaqinlashgan Umid Isoqov to'pni darvozadan balandga tepgan. U buni ataylab qilganmi yoki zarba shunday chiqqanmi, buni bilmaymiz. Afsuski, Andijon va Farg'onadagi bahslarni kim boshqarib borgani haqida ma'lumot bizda mavjud emas.

ANDIJON - QIZILQUM - 3:2
2 may. 9-tur.
Gollar
: Hamidullaev penalti, Hamidullaev, Musaboev – Dub, Jo'raev.
Foydalanilmagan penalti: Akbarov (Andijon).

NEFTCHI - QIZILQUM - 2:0
Farg'ona. 5 may. 10-tur
Gollar:
A.Toirov, Radkevich.
Foydalanilmagan penalti: Isoqov (Neftchi).

QIZIL KARTOCHKALAR KUNI
Konstantin Smirnov oliy ligada bir o'yin mobaynida eng ko'p qizil kartochka ko'rsatish borasida rekordchilardan biri sanaladi. U 2003 yil “Guliston” va “Traktor” jamoalari o'rtasidagi bellashuvda mezbonlarga 4 bor qizil kartochka ko'rsatgani bilan yodda qolgan. O'shanda u maydon egalaridan ikkinchi bo'limda Karimqulov, Suyarov, Yuldashev va Asimovlarni chetlatgan. Qiziq tarafi shundaki, Asimov bugungi kunda oliy ligada hakamlik qilib kelmoqda. Agar yana bir qizil kartochka bo'lganda, o'yin oxiriga etmasdan to'xtatilardi. Lekin bu sodir bo'lmagan. Bir jamoa futbolchilarini to'rt marta chetlatish boshqa qaytarilmagan.

2003 yil
GULISTON - TRAKTOR - 0:4
22 oktyabr. Guliston.
Hakam:
Konstantin Smirnov.
Gollar: Bozorov, Azim Ibrohimov 2, Solomin
Guliston: Igor Skichko, Bekzod Qodirqulov (Maqsatillo Quttiboev, 90), Timur Seytmurotov, Aziz Asimov, Jo'rabek Karimqulov, Akmal Suyarov, Ildar Yuldashev, Erkin Boydullaev, Andrey Vasinev, Botir Sultonov, Xurshid Yo'ldoshev (Lenur Yunusov, 90).
Traktor: Dmitriy Bashkevich, Anatoliy Xutin, Alisher Bozorov, Ahror Isaxo'jaev, Sergey Tokov, Aleksey Semyonov, Pavel Solomin, Shavkat Raimqulov, Baxtiyor Japarqulov, Azim Ibrohimov, Aziz Ibragimov.
Zaxiradan tushganlar: Valeriy Karpenko, Ravshan Teshaboev, Sergey Bakanov.
Ogohlantirishlar: Suyarov, Yuldashev, Sultonov, Raimqulov, Karimqulov.
Chetlatishlar: Karimqulov 51, Suyarov 64, Yuldashev 75, Asimov 83.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia