

U bilan bo'lajak o'yin haqida qisqacha suhbat uyushtirdik. Milliy terma jamoa safida 84 o'yinda maydonga tushib, 29 golga mualliflik qilgan hujumchi bo'lajak o'yin bu yilgi eng muhim uchrashuv ekanini va unda O'zbekistonni faqat g'alaba qoniqtirishini aytib o'tdi.
“Shuni aytish mumkinki, o'yin qiyin bo'ladi. Bu - ushbu yil davomidagi eng muhim o'yin, deb ayta olaman. Jamoaga yaqinda kelib qo'shildim. Ammo raqib haqida hammamizda etarlicha ma'lumot bor. Bizga elektron pochta orqali raqib borasidagi kerakli barcha ma'lumotlar, video-lavhalar doimiy ravishda etkazilib turildi. Raqibning deyarli barcha futbolchisini alohida o'rganib chiqyapmiz. Yaqinda ularni ismlari bilan ham bemalol eslab qolamiz, menimcha. Ularning kuchli va ojiz tomonlarini ham bilib olganmiz. Nima bo'lganda ham, o'z o'yinimizni o'ynashimiz va kerakli natijani qo'lga kiritishimiz kerak. Bizni faqat g'alaba qoniqtiradi".
Qozog'istonning "Ordabasi" klubi safida faoliyat olib borayotgan Geynrix KXDRga qarshi dastlabki o'yinda ishtirok etmagani sababli, unda jamoaga aynan nima yetishmagani haqida aniq fikr bildira olmasa-da, bu safar raqibga qiyin bo'lishi aytib o'tdi.
"O'tgan o'yinda nima yetishmagani haqida bir narsa deyish, rosti, menga qiyin. Chunki unda murabbiy boshqa edi. Men ham jamoada yo'q edim. Lekin o'yinni videosini ko'rdim. Yigitlar bilan ham bu borada gaplashdim. Aytishlaricha, maydon yomon bo'lgan. Sun'iy maydonda qiynalishgan. Uzoq parvoz ham ta’sir o'tkazgan. Mana endi, ular tashrif buyuradi va umid qilamanki, endi qiynalish navbati ularga etadi."
31 yoshli futbolchi muxlislarga murojaat qilib, jamoani qo'llab-quvvatlashga chaqirdi va futbolchilar ularni xursand qilish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlariga so'z berdi.
"Muxlislardan har doimgidek, jamoani qo'llab-quvvatlab turishlarini so'rayman. Ularni, umuman, butun mamlakatni xursand qilish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz”.



